Jahon | 21:00 / 27.03.2022
52780
6 daqiqa o‘qiladi

Qorabog‘da yana keskinlik: Ozarboyjon yana bir tepalikni egalladi

Qorabog‘ mojarosida yangi keskinlik yuzaga kelgan. Mojaro hududidagi tepalik va aholi punkti ozarboyjonlik harbiylar tomonidan egallangan. Tan olinmagan respublika hududida favqulodda holat e’lon qilingan. Ozarboyjon Rossiya tinchlikparvar kuchlari nazoratidagi bu hududdan qo‘shinlarini olib chiqish haqidagi chaqiriqni rad etgan va bu yer o‘z hududi ekanini ma’lum qilgan.

Foto: ANADOLU AGENCY

2020 yil kuzidagi urushdan keyin mojaro hududida o‘zaro otishmalar davom etgan va tomonlar bunda bir-birini ayblab kelgan.

Bu safar Ozarboyjon tomoni, Armaniston TIV ma’lumotiga ko‘ra rossiyalik tinchlikparvar kuchlar mas’ul bo‘lgan tepalik va qishloqni egallashgan. Rossiya tinchlikparvar kuchlari 44 kunlik urushdan keyin Qorabog‘ga kiritilgandi. Rossiyalik tinchlikparvar kuchlar Ozarboyjon va Armaniston harbiylari pozitsiyalari o‘rtasida joylashgan.

Armaniston tomoni ma’lumotiga ko‘ra, to‘qnashuv payshanba kuni boshlangan, o‘shanda ozarboyjonlik harbiylar Farux qishlog‘iga kirishgan. Bundan tashqari, armanlar Xramort qishlog‘i (Ozarboyjon bu qishloqn Pirlar deb ataydi) aholisini evakuatsiya qilgan.

Juma kuni tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikisi hukumati Ozarboyjon tunda turklarning «Bayraktar» dronlarini qo‘llaganini ma’lum qildi. Armaniston TIV  rossiyalik tinchlikparvar kuchlar «Ozarboyjon qurolli kuchlari bo‘linmalari Rossiya tinchlikparvar kontingenti qo‘riqlayotgan hududdan zudlik bilan olib ketilishini ta’minlash choralarini ko‘rishi»ni kutishini bildirdi.

Ozarboyjon TIV hech qanday eskalatsiya yo‘qligi va Armaniston «xalqaro hamjamiyatni chalg‘itishga urinayotgani»ni ma’lum qildi. Vazirlik ozarboyjonlik harbiylar shunchaki pozitsiyalar joylashuviga aniqlik kiritgani va «jazavaga tushishga sabab yo‘qligi»ni bildirdi.

Armaniston tomoni ikki tomondan ham harbiylar orasida bir necha qurbonlar va yaralanganlar borligi haqida ma’lum qilgan. Ozarboyjon mudofaa vazirligi hech qanday qurolli to‘qnashuv bo‘lmagani va qurbonlar yo‘qligini bildirgan.

Tinchlikparvar kuchlar ko‘z o‘ngida

Ozarboyjon va Armaniston nashrlarida ozarboyjonlik harbiylar tinchlikparvar kuchlar ko‘z o‘ngida strategik ahamiyatga ega tepaliklardan biriga yo‘l ochayotgani aks etgan video tarqaldi. Bu ma’lumot tomonlarning hech biri tomonidan rasman tasdiqlanmagan.

Qorabog‘lik politolog Tigran Grigoryan tvitterdagi sahifasida Farux qishlog‘ida ro‘y berayotgan voqealar bo‘yicha fikrlarini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha kun muqaddam rossiyalik tinchlikparvar kuchlar armanistonlik va ozarboyjonlik harbiylardan ushbu qishloq atrofidagi pozitsiyalaridan ketishni talab qilgan, ammo keyin ozarboyjonlik harbiylar shunchaki «rossiyalik harbiylarning biror qarshiligiga uchramay» qishloqqa kirishgan.

Qorabog‘ gazsiz qolgan

Eskalatsiyaning yangi bosqichi 8 mart kuni boshlangandi, o‘shanda Tog‘li Qorabog‘ning armanistonliklar nazoratidagi hududlarini gaz bilan ta’minlovchi quvurda portlash ro‘y bergandi. Natijada minglab kishilar issiqlik ta’minotisiz qolgandi.

Portlash gaz quvurining ozarboyjonliklar nazoratidagi hududdan o‘tgan uchastkasida sodir bo‘lgan. Armaniston bu hodisada Ozarboyjonni ayblagan, ozarlar esa buni rad etib, muammoni texnik nosozlik va noqulay ob-havo sharoiti bilan izohlagandi.

Xuddi shu kuni arman nashrlari Xramort qishlog‘i ozarboyjonliklarning pozitsiyalaridan turib o‘qqa tutilgani haqida yozishdi.

Keyin, arman tomoni ozarboyjonliklar gaz quvurini tuzatishgani va u yerga ventil (jo‘mrak) o‘rnatishgani, shu orqali 22 mart kuni yana gazni o‘chirishgani haqida xabar berdi.

Yevroittifoq mahalliy aholini «yomon ob-havo sharoitida» gaz bilan ta’minlashni tiklashga chaqirdi. AQSh davlat departamenti ikki tomon ham deeskalatsiya uchun muloqot kanallaridan foydalanishi kerakligini ma’lum qildi.

Favqulodda holat va RF chaqirig‘i

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rahbariyati harbiy holat e’lon qildi.

«26 mart kuni Araik Arutyunyan respublika hududida e’lon qilingan harbiy holat sharoitida huquq va erkinliklarning vaqtinchalik cheklanishi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi», deyiladi Tog‘li Qorabog‘ respublikasi axborot markazi xabarida.

Farmonga muvofiq, yig‘ilishlar o‘tkazish huquqi cheklanadi, ish tashlashlar va tashkilotlar faoliyati to‘xtashiga olib keluvchi boshqa tadbirlar taqiqlanadi.

Bundan tashqari, «Respublika mudofaa salohiyati va xavfsizligiga qarshi qaratilgan targ‘ibot bilan shug‘ullanayotgan tashkilotlar faoliyati to‘xtatiladi».

Hudud rahbariyati Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat yo‘llab, hududdagi rossiyalik tinchlikparvar kuchlar sonini oshirishni so‘ragan.

26 mart kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ozarboyjon qurolli kuchlari Tog‘li Qorabog‘dagi tinchlikparvar missiyasi nazoratidagi hududga kirib, tan olinmagan respublika armiyasi bo‘linmalariga hujum uyushtirganini ma’lum qildi.

Rossiya mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Rossiya Ozarboyjonga qo‘shinni hududda olib chiqishni so‘rab murojaat yuborgan.

Ozarboyjon Rossiya chaqirig‘ini rad etdi

Ozarboyjon Mudofaa vazirligi 2020 yil noyabrida Rossiya vositachiligida imzolangan Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuv shartlarini buzganini rad etdi.

«Mudofaa vazirligi Ozarboyjon 2020 yil 10 noyabrdagi uch tomonlama bayonotga sodiqligi va uning qoidalarini buzmaganini ma’lum qiladi», deyiladi vazirlik bayonotida.

Shu tariqa Ozarboyjon Mudofaa vazirligi o‘z qo‘shinlarini tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasidan olib chiqish haqidagi chaqiriqqa javob qaytargan. 

Bokudagilar vaziyat «Rossiya tinchlikparvar kontingenti vaqtincha joylashtirilgan Ozarboyjon hududi»da keskinlashganini aytishmoqda. Ozarboyjon Mudofaa vazirligi Rossiyadan «Tog‘li Qorabog‘» iborasini ishlatmaslikni va Ozarboyjon hududlari nomini to‘g‘ri ko‘rsatishni so‘ragan.

Ozarboyjon Rossiyani «uch tomonlama bayonot qoidalariga muvofiq, xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan Ozarboyjon hududlaridan Armaniston armiyasining qolgan qismlari va noqonuniy arman qurolli tuzilmalari to‘liq olib chiqilishini ta’minlash»ga chaqirdi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid