O‘zbekiston | 19:15 / 28.03.2022
16819
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident aprel tibbiyot muassasalari uchun sinov oyi bo‘lishini aytdi

Shavkat Mirziyoyev vazir, rahbar va hokimlar o‘zlarining oyma-oy rejasini ishlab chiqishini ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyevning 28 mart kungi sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari hamda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.

Qayd etilishicha, yig‘ilishda tibbiyot sohasi vakillari bilan ochiq muloqotda berilgan topshiriqlar ijrosini aprel oyida tashkil etish topshirig‘i berilgan. Davlat rahbari alohida farmoyish imzolanib, 7 ta yo‘nalishdagi 50 ta tadbir va ularning har biri uchun mas’ullar belgilanganini ta’kidlagan.

«Xalqimizga aytgan hamma tashabbuslarimiz bo‘yicha qarorlar tez kunlarda qabul qilinadi. Lekin amaliy ijroni bir kun ham kechiktirib bo‘lmaydi. Shuning uchun, bir oylik amaliy ish tizimiga o‘tamiz. Vazir, ixtisoslashgan markaz rahbarlari va hokimlar o‘zlarining oyma-oy rejasini ishlab chiqib, amalga oshiradi. Ushbu rahbarlarning aprel oyi uchun ish rejalari bilan tanishib chiqdim.

Qoraqalpog‘iston, Andijon, Surxondaryo hamda Kardiologiya va Xirurgiya markazlari masalaning sal bo‘lsa ham ichiga kirgan. Lekin qolgan markazlarning ham, hududlarning ham ish rejasi «shablon» ko‘rinishida. Birortasi tuman darajasida nima ish qilishini oldiga vazifa qilib qo‘ymagan», deydi prezident.

Yig‘ilishda prezident hududlardagi tibbiyot markazlarini tanqid qildi.

«Misol uchun, Urologiya va Onkologiya markazlari aprel oyida viloyatlarda bor-yo‘g‘i 5 tadan, Akusherlik va ginekologiya markazi esa 15 ta yuqori texnologik operatsiya o‘tkazishni reja qilgan. Ko‘z mikroxirurgiyasi markazi xodimlari har oyda joyiga chiqib 50 tadan operatsiya o‘tkazgani bilan, aprelda hududga borganda atigi 3 nafar mutaxassisning malakasini oshirmoqchi. Barcha markazlar rahbarlarini qat’iy ogohlantiraman. Agar:

  • o‘zi boshchiligida joylarga chiqib, yangi davolash amaliyotlarini o‘tkazmasa;
  • yuqori texnologik operatsiyalarni hududlarda joriy etmasa;
  • viloyat va tuman mutaxassislarini bunga o‘rgatmasa, o‘zgarish bo‘lmaydi. Odamlar sarson bo‘lib, poytaxtga kelaveradi», degan prezident.

Shu bois aprel markazlar rahbarlari uchun chinakam sinov oyi bo‘lishi, masalaning mohiyatiga kirib, o‘z ish faoliyatini o‘zgartirmagan rahbarlarga qat’iy choralar ko‘rilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Mavzuga oid