O‘zbekiston | 10:53 / 01.04.2022
6637
3 daqiqa o‘qiladi

Reportaj: Toshkentda autizm spektri buzilgan bolalar uchun ijodiy studiya ochildi

Poytaxtda autizm spektri buzilgan bolalar uchun yangi ixtisoslashtirilgan ijodiy maydon – Samarqand Marafon Bolalar akademiyasi ochildi. Tafsilotlar Kun.uz reportajida.

31 mart kuni Samarqand Marafon Bolalar Akademiyasi ochilishi bo‘lib o‘tdi. Akademiya – autizm spektri buzilgan bolajonlar uchun yangi ixtisoslashtirilgan ijodiy maydondir. U “Navro‘z” istirohat bog‘ida joylashgan bo‘lib, unda ijodiy va interaktiv mashg‘ulotlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

“Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi O‘zbekistonda inklyuziv muhitni yaratish borasida qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Ushbu loyihalardan biri sifatida  autizm spektri buzilgan bolalar uchun  ijodiy studiya tashkil qildik. Mazkur loyiha 2022 yilda Samarqand xalq marafonida asosiy mavzu etib belgilangandi. Ya’ni autizm spektri buzilgan   bolalarni qo‘llab-quvvatlash. Unda 2020 yilda tushgan mablag‘lar hisobidan bugun “Navro‘z” istirohat bog‘ining yonida bolalar akademiyasini tashkil etdik”, – deydi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori maslahatchisi Elmurod Najimov.

Jamg‘arma ijrochi direktori Gayane Umerovaning so‘zlariga ko‘ra, bu yilgi xayriya marafonidan ko‘zlangan maqsad muzeylarni ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar uchun moslashtirishdan iborat.

“Jamg‘arma tomonidan 4 yil mobaynida “Samarqand marafoni” xayriya yugurishi o‘tkazilmoqda. Biz o‘z oldimizga xayriya sport va madaniy tadbirlar orqali O‘zbekistonda inklyuziv muhitni rivojlantirishni keng ko‘lamli vazifa qilib qo‘yganmiz. Shu yillar davomida “Samarqand marafoni” ijtimoiy namunaga aylanib, nafaqat hamshaharlarimiz, balki xorijdan ham minglab sayyohlar va sportchilarni o‘ziga jalb etuvchi yetakchi sport tadbiriga aylana oldi”, – deydi u.

Yangi tashkil etilgan ijodiy akademiya dam olish maskani, ijod ishlari bilan shug‘ullanadigan ustaxona, hovli, ota-onalar uchun kutish maydonidan iborat.

Mavzuga oid