Sog‘lom hayot | 12:11 / 23.08.2025
5182
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh olimlari autizmni davolash uchun yangi dorini kashf etdi

Yangi tadqiqotga ko‘ra, tutqanoqni davolash uchun mo‘ljallangan preparatlar autizmning keng tarqalgan belgilarini orqaga qaytarishi mumkin.

AQSh Stenford tibbiyot universiteti tadqiqotchilari autizmni davolashda katta yutuqlarga erishdi. Daily Mail nashrining yozishicha, ular atigi bir doza bilan autizm alomatlarini bartaraf etadigan yangi dori vositasini kashf etgan.

Science Advances jurnalida chop etilgan yangi tadqiqotda, sichqonlarda autizm spektrining buzilishini (PAC) o‘rganish natijasida, tadqiqotchilar talamusning sensor ma’lumotlarni qayta ishlash uchun mas’ul bo‘lgan retikulyar yadrosidagi giperaktivlik autistik xatti-harakatlar bilan bog‘liqligini aniqladi.

Ular sichqonlarga uliksakaltamid deb ataladigan Z944 preparatini quydi, bu tutqanoq sindromini davolash uchun ehtimoliy vosita sifatida ishlatiladi. Natijalar hayratlanarli bo‘ldi – preparat autizm alomatlarini bartaraf etib, miyaning ushbu sohasi faoliyatini susaytirdi.

«Tadqiqotchilar preparatni sichqonlarga bir marta quyish autizm bilan bog‘liq alomatlarni, jumladan, yorug‘lik va tovushga yuqori sezuvchanlik, o‘z-o‘zini rag‘batlantirish, takroriy xatti-harakatlar, ijtimoiy muammolar va tutqanoq xavfini yo‘q qilishini aniqladi», deyiladi maqolada.

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, epilepsiya va autizmni boshqaradigan miyadagi jarayonlar bir-biri bilan kesishishi mumkin, bu autizm bilan og‘rigan odamlarning nima uchun ko‘proq tutqanoqdan aziyat chekishini tushuntiradi.

Autizm bilan og‘rigan odamlar epilepsiya rivojlanish xavfiga butun aholiga nisbatan 30 baravar ko‘proq moyil deb hisoblanadi. Bu vaqt o‘tishi bilan kognitiv funksiyalarning yomonlashishiga, nutq va ijtimoiy ko‘nikmalarning orqaga ketishiga olib kelishi mumkin.

Tadqiqotchilar Z944 ham autizm, ham epilepsiyani davolash uchun ishlatilishi mumkinligini ta’kidladi. Biroq preparat hozircha keng qo‘llash uchun mavjud emas va hali ham epilepsiyada klinik sinovlardan o‘tkazilmoqda. Bu natijalarni odamga qanday qo‘llash mumkinligi ham noaniq.

Mavzuga oid