O‘zbekiston | 19:21 / 02.04.2022
80394
6 daqiqa o‘qiladi

Mi-8 halokati: Toshkent teleminorasi oldida vertolyot nega qulab tushgandi?

1986 yil 19 iyul kuni Toshkent teleminorasining shundoq yonida harbiylarga tegishli Mi-8 vertolyoti halokatga uchraydi. Oqibatda uning bortida bo‘lganlarning barchasi halok bo‘ladi. Vertolyot qulab tushayotganida teleminoraga tegib ketishiga bir baxya qoladi.

1986 yil Mi rusumidagi vertolyotlar eng ko‘p urib tushirilgan va qulab tushgan yil sifatida tarixda qolgan. O‘sha yili SSSR harbiylariga tegishli 30 dan ortiq, Afg‘oniston qurolli kuchlariga tegishli beshta, Nikaragua harbiy havo kuchlariga qarashli uchta Mi vertolyotlari halokatga uchragan. Ularning aksariyati Mi-8 va Mi-17 vertolyotlari bo‘lgan.

Foto: etoretro.ru

SSSR harbiy havo kuchlariga qarashli Mi-8 vertolyotlarining asosiy qismi Afg‘onistonda olib borilayotgan urushda afg‘onlar tomonidan urib tushirilgan. Afg‘oniston qurolli kuchlariga tegishli Mi-17 vertolyotlarining taqdiri ham shunday bo‘lgan. 11 ta Mi-8 vertolyoti esa SSSRning turli hududlarida halokatga uchragan. Ular orasida Toshkent teleminorasi yonida qulab tushgan Mi-8 vertolyoti ham bor.

Toshkentdagi qurilishlar haqida film

1966 yilda sodir bo‘lgan zilziladan so‘ng Toshkent butunlay qayta qurila boshlanadi va bu ishlar 1980-yillarning oxirigacha davom etadi. Zilziladan keyin shahar aholisining soni baravar oshadi. Markaziy Osiyodagi eng yirik shahar sifatida Toshkentda metro quriladi. 1978 yilda 375 metrli teleminora qurilishi boshlanadi. Bundan tashqari, shaharning o‘rtasidan oqib o‘tuvchi Bo‘zsuv anhorining qirg‘oqlari obodonlashtiriladi.

Foto: Shosh.uz

O‘sha paytlarda Toshkentda amalga oshirilayotgan bunyodkorliklar haqida bir nechta badiiy va hujjatli filmlar suratga olinadi. Badiiy asarlar yoziladi. Pirimqul Qodirovning «Olmos kamar» romani ham aynan Toshkentda amalga oshirilgan qurilishlar va bunyodkorlik ishlari haqida edi.

1985 yil 15 yanvarda Toshkent teleminorasi qurilib bitkaziladi. Oradan bir yil o‘tib, 1986 yilda «O‘zbekfilm» kinostudiyasida Pirimqul Qodirovning «Olmos kamar» romani asosida badiiy film suratga olina boshlaydi. Badiiy filmda poytaxtda amalga oshirilgan ishlarni ko‘rsatish rejalashtirilgandi.

Foto: Shosh.uz

Bundan tashqari, filmdagi lavhalar orasiga bir yil avval qurib bitkazilgan teleminora tasvirlangan kadrlarni ham qo‘shishni maqsad qilishadi.

Toshkent manzaralari va teleminora tasvirlangan kadrlar to‘laqonli chiqishi uchun shaharni tepasidan ham tasvirga olish lozim edi. Shu sababli film ijodkorlariga vertolyot kerak bo‘ladi. Odatda bunday paytlarda asosan Toshkentda joylashgan Turkiston harbiy okrugi rahbariyatidan yordam so‘ralar va harbiylarning vertolyotlaridan foydalanilardi.

Foto: www.liveinternet.ru

Bu safar ham shunday qilinadi va harbiylar film ijodkorlarining iltimosiga yo‘q deyishmaydi. Turkiston harbiy okrugiga qarashli 73-havo qo‘shinlari tarkibida bo‘lgan Mi-8 vertolyotini kinoijodkorlar ixtiyoriga berishadi. Vertolyotni ekipaj komandiri harbiy uchuvchi Valeriy Lobankin boshqargan. Unga shturman-uchuvchi va bort texnik xodimi yordam bergan.

Halokat

1986 yil 19 iyul kuni film ijodkorlari shahar manzaralarini tasvirga olish uchun borishadi. Valeriy Lobankin va uning ikki nafar yordamchisi boshqaruvidagi Mi-8 ham biroz o‘tib Toshkent yaqinidagi Tuzel aerodromidan yetib keladi. O‘sha kuni Lobankin o‘g‘lini ham o‘zi bilan birga olgan edi.

Vertolyot shahar tepasidan uchadi va film operatori shahar manzaralarini tasvirga tushiradi. Tushgacha kinolenta to‘lib qoladi va operator uni «O‘zbekfilm» kinostudiyasiga olib ketadi. U yerdagilar yana bitta kinolentani to‘ldirib tasvirga olish lozimligini aytishadi.

Foto: Shosh.uz

Kinoapparatga ikkinchi lenta qo‘yilgach, tushdan so‘ng yana parvoz qilishadi. Operator birinchi parvozda e’tibordan chetda qolgan joylarni tasvirga tushiradi. So‘nggi kadrlar olinayotganda vertolyot teleminora atrofida aylanib ucha boshlaydi. Shu payt uning parragi shimol tomondagi qalin trossga tegib ketadi. Shundan so‘ng vertolyot muvozanatini yo‘qotib, qulay boshlaydi. Ana shu paytda Lobankinning o‘g‘lini asrab qolish uchun uni pastda oqayotgan Bo‘zsuv kanaliga uloqtirishadi. Ammo kanalga emas, yerga tushadi va halok bo‘ladi.

Qulab tushgan vertolyot yonib ketadi. Oqibatda uning bortida bo‘lgan Lobankin, uning ikki nafar yordamchisi, “O‘zbekfilm” operatori va o‘z xizmat burchini o‘tayotgan oddiy askar halok bo‘ladi. Harbiy xizmatini o‘tayotgan oddiy askar o‘sha kuni tasvirga olish jarayoni ustidan chiqib qolgan va Lobankindan vertolyotda uchirishni iltimos qilgandi.

O‘sha zahoti halokat haqida «kattalar»ga va Turkiston harbiy okrugi rahbariyatiga xabar beriladi. Halok bo‘lganlarning jasadlari TurkHOga qarashli 340-raqamli harbiy klinikaga olib boriladi.

Keyinchalik «Olmos kamar» filmi montaj qilinganda uning ilk qismlarida halokatga uchragan Mi-8 vertolyotidan turib olingan kadrlar ham ishlatilgan.

Foto: uza.uz

Sovet davrida aksariyat halokatlar umuman ommaga oshkor qilinmagan. Shu jumladan, Toshkent teleminorasi oldida halokatga uchragan Mi-8 vertolyoti hodisasi ham. Omma hanuzgacha bu hodisa tafsilotlari haqida to‘liq ma’lumotga ega emas.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid