O‘zbekiston | 07:48 / 05.04.2022
3977
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat o‘rmon fondi uchastkalari auksion orqali ijaraga beriladi

Foto: turizm.kasaba.uz

Vazirlar Mahkamasining “Davlat o‘rmon fondi uchastkalarini ijaraga berish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Davlat o‘rmon fondi uchastkalarini auksion orqali ijaraga berishning ma’muriy reglamenti tasdiqlanadi.

Belgilanishicha:

  • “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasining “E-auksion” elektron savdo platformasi auksionlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha operator hisoblanadi;
  • o‘rmon fondining foydalanilmayotgan yerlarini jismoniy va yuridik shaxslarga ijaraga berish O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining buyurtmasiga asosan auksion orqali amalga oshiriladi;
  • o‘rmon fondi uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha amaldagi shartnomalar 1 oktyabrgacha ijaraga beruvchi tomonidan auksionsiz ijaraga berilgan o‘rmon fondi yerlari hisobini yuritish axborot-billing tizimi dasturiga kiritiladi va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan qayta rasmiylashtiriladi va ro‘yxatdan o‘tkaziladi;
  • tuzilgan shartnomalar O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasida ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng kuchga kiradi.

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi qaror talablaridan kelib chiqqan holda “ijara-urmon.uz” elektron maydonchasi va “Kadastr va ro‘yxatdan o‘tkazish integratsiyalashgan axborot tizimi” bilan o‘zaro ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid