O‘zbekiston | 17:15 / 06.04.2022
27032
7 daqiqa o‘qiladi

“Tashabbusli budjet”: Muhim savollarga javoblar

“Tashabbusli budjet” loyihasining 2022 yildagi 1-mavsumi g‘oliblari aniqlandi. Xo‘sh, hududiy kengashlar yakuniy g‘oliblarni qachon tasdiqlaydi, loyihalar moliyalashtirilishi qanday nazorat qilinadi, g‘olib bo‘lolmagan dolzarb tashabbuslar ham moliyalashtiriladimi? Kun.uz shu kabi savollar yuzasidan Moliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Azimjon Hasanov bilan intervyu tashkil qildi.

— “Tashabbusli budjet” loyihasining navbatdagi bosqichi yakunlandi. Yakunlar haqida gapirib bersangiz.

— Xabaringiz bor, joriy yildan boshlab “Tashabbusli budjet” loyihasi yilda ikki marta o‘tkazilishi belgilandi. Birinchi mavsum fevral oyidan 2 aprelga qadar o‘tkazildi. Fuqarolarimiz mazkur bosqichda juda faol qatnashdi. 2021 yilga solishtiradigan bo‘lsak, o‘tgan yil 1 million 150 mingga yaqin ovoz berilgan bo‘lsa, joriy yil o‘tkazilgan bosqichda ushbu ko‘rsatkich besh barobarga oshdi, ya’ni berilgan ovozlar soni 6 million 700 mingdan oshib ketdi. Bu esa ushbu jarayonga fuqarolarning asta-sekinlik bilan qiziqishi ortayotgani hamda budjet jarayonlarida fuqarolar faolligi oshayotganini ko‘rsatadi.

Takliflar misolida qaraydigan bo‘lsak, o‘tgan yil 41 ming taklif bildirilgan bo‘lsa, bu yil 69 700 taklif kelib tushdi. Mazkur takliflardan hududiy ichki komissiyalar tomonidan saralab olish natijasida 40 mingdan ortig‘i ovoz berish bosqichiga o‘tkazildi. Eng ko‘p ovoz yig‘gan 2215 taklif g‘olib deb topildi.

— Loyihalarga qachon pul ajratiladi va bu jarayon nazorat qilib boriladimi?

— Har bir g‘olib deb topilgan taklif uchun tuman va shahar g‘aznachilik bo‘limlarida alohida hisobraqamlar ochiladi va mazkur hisobraqamlarga tegishli mablag‘lar o‘tkazib beriladi. Joriy oyning o‘zidan ishlar amalga oshirila boshlanadi. Pudratchi tashkilotlarni aniqlash va loyiha smeta hujjatlarini tayyorlash ishlariga kirishiladi.

O‘ylaymizki, 2-mavsumga qadar mazkur jarayonda g‘olib bo‘lgan tashabbuslarni amalga oshirish ishlari boshlanadi. Yakunlanmagan taqdirda ham, asosiy ishlarga start beriladi.

— 2-mavsum iyul oyida o‘tkaziladi, ungacha takliflar moliyalashtirib boshlanadi, shundaymi?

— Albatta, belgilangan tartibga ko‘ra, 10 ish kunida har bir tuman va shahar xalq deputatlari tomonidan g‘oliblar ro‘yxati tasdiqlanadi va hisobraqamga mablag‘lar o‘tkazilib, ishlar boshlanadi.

— “Tashabbusli budjet” loyihasida fuqarolar tomonidan ayrim loyihalarga keragidan ko‘p, ayrimlariga kamroq mablag‘ taklif qilingan. Bunday hollarda mablag‘ ajratish masalasi qanday hal qilinadi?

Joriy yilda 69 mingdan ziyod taklif bildirilgan bo‘lsa, o‘rtacha har bir tumanda har bir taklif 500–600tagacha to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa ushbu takliflarni 10 kun ichida o‘rganib chiqish va ularni amalga oshirish qiymatini aniqlashda qiyinchilik tug‘diradi. Bundan tashqari, fuqarolar o‘zlari ham taklif etayotgan tashabbusining aniq qiymatini baholay olmaydi. Chunki ular bu sohada mutaxassis emas, shu sababli tashabbuslarga mablag‘ qiymati biroz ko‘proq yoki biroz kamroq bo‘lishi mumkin.

G‘oliblar aniqlangach, har bir loyihani amalga oshirish uchun loyiha smetasi tuziladi. Ulardan kelib chiqib zarur mablag‘lar yuzasidan aniq miqdorlarga to‘xtalinadi. Shundan keyin hisobraqamlarga pullar o‘tkazib beriladi. Bunda mablag‘ miqdori kamayishi ham, ortishi ham mumkin.

Taklif etilgan mablag‘ga qo‘shimcha mablag‘ talab etiladigan bo‘lsa, zarur hollarda kelgusi chorakda mahalliy budjetlar mablag‘lari doirasida pul ajratiladi.

— Tashabbus haqiqiy muammoni aks ettirgan, biroq ayrim sabablar tufayli yetarli ovoz yig‘a olmagan bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda tashabbuslar mahalliy budjetning ortib qolgan mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi mumkinmi?

— “Tashabbusli budjet” loyihasi yilda 2 bor o‘tkaziladi. Agar birinchi mavsumda takliflar g‘olib deb topilmagan bo‘lsa, ular albatta ikkinchi mavsumda qayta tashabbus bildirib g‘olib chiqish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, dolzarbligi juda yuqori bo‘lib, aholi va tegishli hokimlik organlari tomonidan dolzarb deb topiladigan bo‘lsa, mazkur tashabbuslar budjet mablag‘lari va mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan ham moliyalashtirilishi mumkin. Bu bo‘yicha hech qanday taqiq yo‘q. Imkon qadar takliflar moliyalashtirilmoqda. Lekin bu g‘olib bo‘lmagan loyihalarni mazkur mablag‘lardan tashqari boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtirish kerakmas degani emas. Ya’ni homiylar, mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi mumkin.

— O‘tgan bosqichda boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilgan tashabbuslar bo‘ldimi?

— Homiylar hisobidan amalga oshirilgani kuzatilmadi, lekin qo‘shimcha mablag‘lar hisobidan amalga oshirilgan holatlar bo‘ldi. Loyihaga biroz mablag‘ yetmay qolgan hollarda tegishli tuman hokimligi xalq deputatlari kengashi qarorlari asosida yetmagan qismlari mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan qoplangan hollar bo‘ldi.

— 2021 yilgi mavsumda g‘olib deb topilgan tashabbuslar hamon, mana, 6 oy bo‘ldi, moliyalashtirilmagani haqida ham ma’lumotlar bor. Buni qanday izohlaysiz?

— O‘tgan yilda o‘tkazilgan “Tashabbusli budjet” loyihasining yakuniy bosqichi oktyabr oyiga to‘g‘ri keldi. Loyiha smeta hujjatlarini ishlab chiqish va pudratchi tashkilotlarni aniqlash jarayonlari noyabr-dekabrgacha davom etdi. Bu esa o‘z-o‘zidan yog‘ingarchilik, qishki mavsum boshlanganiga to‘g‘ri kelgani uchun ularni amalga oshirish yakunlanmasdan, 2022 yilga o‘tgan. Barcha loyihalar maxsus komissiya tomonidan o‘rganib chiqilgan. Amalga oshirilmagan holatlar bo‘yicha kunlik nazorat o‘tkazilmoqda.

Har bir loyiha alohida nazoratga olingan. 2022 yilgi loyihalar moliyalashtirilguncha imkon boricha 2021 yildagi loyihalarni yakunlash borasida hududlarga topshiriqlar berilgan.

To‘liq intervyuni Kun.uz'ning YouTube sahifasida tomosha qiling.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
twitter.com/MBahadirovna

Tasvirchi – Abduqodir To‘lqinov.

Montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid