Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent viloyati hududida tibbiyot klasterlari tashkil etiladi
Vazirlar Mahkamasining “Toshkent viloyati aholisiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini takomillashtirish hamda tibbiyot klasterlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligining Toshkent viloyati hududida tibbiyot klasterlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.
Quyidagilar tibbiyot klasterining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilanadi:
a) Toshkent viloyati tibbiyot klasteri:
- kasalliklar asosiy yo‘nalishlari (rejali xirurgiya, terapiya, kardiologiya, otorinolaringologiya va boshqalar) bo‘yicha ixtisoslashtirilgan, aholining yuqori texnologiyali diagnostika, davolash va profilaktika tibbiy yordam ko‘rsatishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish;
- viloyat tibbiyot muassasalarida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishning zamonaviy metodlari va texnologiyalari joriy etilishini metodik ta’minlash;
- bemorlarni tekshirish, ularga yuqori malakali tibbiy-konsultativ yordam ko‘rsatish;
- bemorlarga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan klinik standartlarga muvofiq yuqori malakali ixtisoslashtirilgan statsionar yordam ko‘rsatish;
- tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari mutaxassislariga konsultativ va tashkiliy-metodik yordam ko‘rsatish;
- ma’muriy hudud davolash-profilaktika muassasalari amaliyotiga zamonaviy tibbiy texnologiyalarni va boshqarishning iqtisodiy metodlarini joriy etish;
- aholining umumiy kasallanishi va o‘limini, mehnatga qobiliyatini yo‘qotgan holda kasallanishini, nogironligini o‘rganish;
- klasterlarni raqamlashtirish, shahar va tuman tibbiyot birlashmalari, oilaviy poliklinikalar integratsiyasini yo‘lga qo‘yish, shifokor va hamshiralar tarkibidan IT tizimida malakasini muntazam oshirish orqali zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
b) Toshkent viloyati hududiy tibbiyot klasterlari:
- yagona tashkiliy-metodik rahbarlikni va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini nazorat qilishni ta’minlaydigan sog‘liqni saqlash birlamchi bo‘g‘inining zamonaviy tashkiliy tuzilmasini yaratish;
- davolash-profilaktika, sanitariya-ma’rifiy tadbirlarni reabilitatsiya qiluvchi tibbiy xizmatlarni amalga oshirishda oilaviy shifokor punktlariga, oilaviy poliklinikalarga va boshqa tibbiyot muassasalariga metodologik yordam ko‘rsatishning sifat jihatidan yangi darajasini tashkil etish;
- aholiga sifatli, dastlabki ambulatoriya-poliklinika yordamini ko‘rsatish;
- dastlabki shoshilinch, kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishni, bemorlarni statsionar davolashni, shuningdek oilaviy shifokor punktlariga, oilaviy poliklinikalarga va tuman (shahar)dagi boshqa tibbiyot muassasalariga tashkiliy-metodik rahbarlikni amalga oshirish;
- kasalliklarning, eng avvalo, yuqumli va virusli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlarini hamda ta’sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishda diagnostika va davolash standartlarini joriy etish, shuningdek tuman (shahar) tibbiyot muassasalari tomonidan ularga rioya etilishini nazorat qilish;
- aholi o‘rtasida oilada tibbiy madaniyatni oshirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlarini tashkil etish;
- tibbiyot kadrlarini joy-joyiga qo‘yish, ulardan oqilona foydalanish hamda ularning malakasini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatiladigan birlamchi tibbiy yordam hajmini kengaytirish va sifatini oshirish;
- ayollar va bolalarga malakali, ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish;
- zamonaviy talablarga javob bera oladigan va ilg‘or texnologiyalarni egallagan yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish orqali reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar hamda bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash;
- sog‘lom farzandlarning tug‘ilishi, rivojlanishi va tarbiyasi masalalari bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish.
Tibbiyot klasterlarida aholiga tibbiy xizmatlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan kafolatlangan paket doirasida bepul, kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda ko‘rsatiladi.
Toshkent viloyati hokimligi Nurafshon shahrida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot klasterini tashkil etish uchun Nurafshon shahri hududida 8 gektar yer maydoni ajratish choralarini ko‘radi.
Mavzuga oid
08:45 / 16.06.2026
Toshkent va Samarqandda qariyb 6 kg narkotik modda musodara qilindi
09:05 / 12.06.2026
120 ming dollarlik qalbaki pulni sotishga uringanlar qo‘lga olindi
10:30 / 10.06.2026
Toshkent – vodiy yo‘lining bir qismida maksimal tezlik pasaytirildi
09:00 / 10.06.2026