Jahon | 17:08 / 30.04.2022
11659
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Rossiya gazi uchun rublda pul to‘lashni rad etdi

Kristian Lindnerning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Germaniya Rossiya energiya resurslariga qaramlikdan qutulish uchun maksimal darajada harakat qilmoqda. 

Foto: Janek Sjarzynski/AFP

Germaniya Rossiya gazi uchun rublda pul to‘lamaydi va kelajakda ham to‘lashni rejalashtirmayapti. Bu haqda Germaniya moliya vaziri Kristian Lindner o‘z Twitter-akkauntida ma’lum qildi

«Men Putinga murojaat qilmoqchiman va aniq aytmoqchiman: bizni shantaj qilishlariga yo‘l qo‘ymaymiz! Bundan keyin ham Rossiya gazi uchun rublda pul to‘lamaymiz», — deb yozdi u.

Lindnerning qo‘shimcha qilishicha, hozirda Germaniya Rossiya energiya resurslariga qaramlikdan qutulish uchun maksimal darajada harakat qilmoqda.

31 mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin “nodo‘st davlatlar”ga tabiiy gaz faqat rublda sotilishi ko‘zda tutilgan farmonni imzolagandi.

Farmonda aytilishicha, Rossiyadan gaz sotib olishni istagan G‘arb davlatlari Rossiya banklarida hisobraqami ochishi kerak.

Rossiya 26 aprel kuni Polshaga, 27 aprel kuni esa Bolgariyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi. Bu mamlakatlar gaz uchun to‘lovni rublda amalga oshirishni rad etgandi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid