O‘zbekiston | 10:04 / 08.05.2022
15165
2 daqiqa o‘qiladi

Termiz shahridagi «Alpomish» sport majmuasining tomi qulab tushdi

Sport majmuasining 1 700 metr kvadrat tom qismi qulab tushgan. Hodisada hech kim jabrlanmagan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

2022 yil 7 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Termiz shahridagi «Alpomish» sport majmuasining tomi qulab tushgani haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz’da ana shu xabarlarga asoslanib «Alpomish» sport majmuasining tomi qulab tushgani haqida xabar berilgandi. Qurilish vazirligi hodisa yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Munosabatda ma’lum qilinishicha, 2022 yil 5 may kuni Termiz shahri Alpomish mahallasi Navbahor ko‘chasi 1-uy manzilida joylashgan «Alpomish» kurash majmuasi binosida texnogen tusdagi favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan.

Hodisa joyi ko‘rib chiqilganda quyidagilar aniqlangan:

— Majmuadagi kurash zalining umumiy maydoni 2 800 metr kvadrat bo‘lib, hozirgi kunda kurash zali tomining taxminan 1 700 metr kvadrat qismi buzilib, yerga qulab tushgan;

— Kurash zalining tom qismi murakkab konstruktiv yechimli bo‘lib, «Kislovodsk» tipidagi fazoviy metall konstruksiyalardan foydalanilgan;

— Buzilgan tom qismi yaroqsiz holatga kelgan;

— Kurash zali binosi 1999 yilda qurilgan.

Munosabatda ma’lum qilinishicha, hodisa oqibatida kurash majmuasi xodimlari sog‘lig‘iga hech qanday zarar yetmagan.

Eslatib o‘tamiz, hodisa yuzasidan viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va viloyat hokimligi axborot xizmatlari rahbarlaridan izoh so‘ralganda ular Boysun tumanida o‘tkazilayotgan festivalning tashkiliy ishlari bilan band ekanliklarini va hodisadan bexabar ekanliklarini ma’lum qilishgandi.

Ma’lumot uchun, Termiz shahrida joylashgan «Alpomish» sport majmuasida turli sport turlari bo‘yicha mamlakat birinchiliklari va viloyat miqyosidagi musobaqalar o‘tkazib kelingan.

Mavzuga oid