Jahon | 09:09 / 23.05.2022
8170
4 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya «Yevroxim»ga qarshi sanksiyalarni bekor qilgani uchun tanqidga uchradi

Shveytsariyaning iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyati sanksiyalar ostida qolgan rossiyalik tadbirkor Melnichenko kompaniyani rafiqasi nomiga o‘tkazganidan so‘ng «Yevroxim»ning hisobraqamlarini qaytadan ochib qo‘ydi.

Andrey Melnichenko / Foto: Picture Alliance

Rossiyalik tadbirkor Andrey Melnichenko bosh qarorgohi Shveytsariyaning Tsug shahrida joylashgan «Yevroxim» kompaniyasini oddiy hiyla yordamida sanksiyalar ostidan olib chiqdi. Melnichenkoning hiylasini tekshirgan Tages-Anzeiger gazetasi 22 may, yakshanba kuni yozishicha, «Yevroxim»ga qarshi sanksiyalarning bekor qilinishini amalda ma’qullagan Shveytsariyaning iqtisodiy ishlar bo‘yicha davlat kotibiyati (SECO) mamlakatning yetakchi siyosiy kuchlari tomonidan keskin tanqidga uchradi

9 mart kuni Yevropa ittifoqi Rossiya va Belarusga qarshi to‘rtinchi sanksiyalar paketi doirasida 14 nafar tadbirkorga nisbatan cheklov choralarini joriy qildi, ulardan biri «SUEK» ko‘mir kompaniyasi va o‘g‘it ishlab chiqaruvchi «Yevroxim» asoschisi Andrey Melnichenkodir. «Melnichenko Rossiya hukumati bilan yaqin aloqada bo‘lgan rossiyalik tadbirkorlarning eng nufuzli doirasiga mansub», — deyiladi tushuntirish xatida. Sanksiyalar ostida qolgan tadbirkorlarning Yevropa ittifoqiga kirishi taqiqlandi va ularning aktivlari bloklandi. Oradan bir hafta o‘tib, Shveytsariya Melnichenkoga qarshi sanksiyalar kiritdi. 

Jurnalistlarning aniqlashicha, bu davrda Melnichenko «Yevroxim» direktorlar kengashini tark etib, kompaniyani rafiqasi Aleksandraga topshirgan. Shveytsariyaning yana bir nashri - Handelszeitung oligarx advokatlarining javobini keltirdi, unga ko‘ra «Aleksandra Melnichenko Kiprdagi trastning yagona benefitsiari hisoblanadi va shunga mos ravishda «Yevroxim» aksiyalarining 90 foiziga egalik qiladi». Ushbu oddiy qaror SECO’ga kompaniya hisobraqamlarini ochib qo‘yishga imkon berdi. Tages-Anzeiger so‘roviga ko‘ra, idora «Yevroxim» sanksiyaga tushgan shaxsga tegishli ekanligi yoki nazorati ostida ekanligi haqida haqiqiy, ishonchli dalillar yo‘qligini tasdiqlashdan baxtli» ekanini bildirgan.

17 may kuni Andrey Melnichenko o‘ziga nisbatan qo‘yilgan sanksiyalar yuzasidan Yevropa ittifoqi umumiy sudiga shikoyat qilgani ma’lum bo‘ldi. Tadbirkorning manfaatlarini himoya qiluvchi advokatlar da’vo arizasi berilganini tasdiqladi. «Andrey Melnichenko o‘z taqdirini Yevropa ittifoqi umumiy sudi sudyalariga ishonib topshiradi va Yevropa sud tizimi ijro hokimiyatining xatolarini tekshiradi, deb ishonadi», — dedi tadbirkor vakillari Forbes nashriga.

Xususan, cheklov choralari doirasida 12 mart kuni Italiya moliya gvardiyasi Triyesta portida Melnichenkoning Sailing Yacht A yaxtasini xatlovga oldi. Uzunligi 150 metr va suv sig‘imi 13 ming tonnaga yaqin bo‘lgan kema dunyodagi eng katta yelkanli yaxta hisoblanadi. U Germaniyada, Nobiskrug kompaniyasining Kil verfida qurilgan va taxminan 500 million yevroga baholangan. 

Melnichenkoning o‘zi unga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalarni «absurd va asossiz» deb atadi. 14 mart kuni u Reuters agentligiga «qardosh xalqlar o‘rtasidagi ziddiyat»ni to‘xtatish kerakligini aytdi. «Millatim rus, kelib chiqishim belarus va qonim ukrain sifatida qardosh xalqlar qanday kurashayotgani va halok bo‘layotganini ko‘rib, qattiq iztirob va ishonchsizlikni his qilyapman», — deya uning so‘zlarini keltirgan tadbirkor vakili. 
 
«Yevroxim» (EuroChem Group) azot, fosfor va kaliyli o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi dunyodagi beshta yirik kompaniyalardan biridir. Kompaniyaning faoliyati tog‘-kon sanoati, shuningdek, o‘g‘itlar ishlab chiqarish, logistika va tarqatish xizmatini o‘z ichiga oladi. Kompaniyaning asosiy ishlab chiqarish aktivlari Rossiya, Belgiya, Litva va Xitoyda joylashgan. Kompaniyada 26 mingdan ortiq kishi ishlaydi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid