Samarqand viloyatida yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi
Samarqand viloyatining Nurobod tumanida qurilgan, quvvati 100 megavattga teng bo‘lgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasi 24 may kuni O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshladi.
Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu elektr stansiya yiliga 260 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, 80 mingdan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Stansiya ishga tushirilishi natijasida yiliga 78 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi hamda atmosferaga 100 ming tonna zararli chiqindilar chiqishi oldi olinadi. Ushbu hajmdagi tejalgan gaz tufayli respublikadagi mavjud barcha aholi xonadonlarini o‘n kun davomida tabiiy gaz bilan ta’minlash mumkin.
Umumiy qiymati 100 million dollariga teng mazkur loyiha Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirildi.
Stansiya O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasini ishlab chiqaradigan ikkinchi eng yirik quyosh fotoelektr stansiyasi hisoblanib, aynan ushbu quvvatdagi birinchi quyosh fotoelektr stansiyasi 2021 yil avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida ishga tushirilgan edi.
Ma’lumot uchun, 2023 yil yakuniga qadar Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan quvvati 220 megavatt bo‘lgan viloyatdagi ikkinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi.
Mavzuga oid
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024