O‘zbekiston | 11:34 / 03.06.2022
16918
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda juda katta miqdorda opiy giyohvandlik moddasi ushlandi

Denov tumanida yashovchi shaxs 20 kilogramm opiyni 140 ming dollarga sotish uchun olib kelayotganda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Foto: IIB axborot xizmati

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi, Bojxona qo‘mitasi va viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida Denov tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

2022 yil 25 may kuni mazkur ma’lumotga asosan «Qoradori-2022» keng qamrovli profilaktik tezkor tadbiriga mijoz sifatida jalb etilgan 2 nafar IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi xodimi 140 ming dollar evaziga I.B.dan 20 kilogramm opiy giyohvandlik moddasini sotib olish uchun Denov tumanidagi kafelarning birida u bilan uchrashgan.

Shartli xaridorlar I.B.ga pulni ko‘rsatib, 20 kilogramm opiy giyohvandlik moddasi borligiga ishonch hosil qilishgandan so‘ng pulni berishlarini aytishgan. Pullarni ko‘rgach u giyohvand moddalarni olib kelib berishini ma’lum qilgan.

2022 yil 26 may kuni soat 3:30 larda I.B. Denov tumani hududida opiyni yashash uyidan olib chiqib, belgilangan joyga kelayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ko‘lga olingan.

Undan olingan, 20 ta skotch o‘ramga maxsus qadoqlangan modda hodisa joyida kechiktirib bo‘lmas harakatlar o‘tkazish vaqtida ochib ko‘rilganda, qizg‘ish rangli o‘tkir hidli opiy giyohvandlik moddasiga o‘xshash modda ekani aniqlangan.

Shundan so‘ng 20 dona o‘ramdagi giyohvandlik moddasi daliliy ashyo tariqasida xolislar ishtirokida protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan 2022 yil 26 may kuni I.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Samarqand viloyatida ko‘p miqdorda giyohvand moddalar o‘stirayotgan shaxslar ushlangandi.

Mavzuga oid