08:09 / 03.06.2022
7465

Tibbiyot xodimi faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Foto: Shutterstock

“Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-2021 yillarda respublikada 470 dan ortiq holatda tibbiyot xodimlariga nisbatan turli shakldagi tajovuzlar qilingan.

Loyihada quyidagilar nazarda tutilmoqda:

1) “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonun yangi modda bilan to‘ldirilib, unda “tibbiyot xodimi”, “tibbiy yordam” kabi tushunchalarga ta’rif berilib, tibbiyot xodimlari faoliyatiga aralashganlik qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilanmoqda;

2) Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks tibbiyot xodimi faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik, ya’ni tibbiyot xodimi tibbiy yordam yoki tibbiy xizmat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilganlik, xuddi shuningdek tibbiyot xodimi tibbiy yordam yoki tibbiy xizmat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilish maqsadida unga noqonuniy topshiriqlar berganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi 197-7-modda bilan to‘ldirilmoqda;

3) Jinoyat kodeksi 277-moddasi uchinchi qismi “g” bandiga o‘zgartirish kiritilib, bezorilik jinoyati o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir etilishi uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishiga olib kelishi ko‘rsatilib, buning natijasida tibbiyot xodimlariga bezorilik oqibatida tajovuz qilganlik uchun javobgarlik og‘irlashtirilmoqda.

Top