O‘zbekiston | 14:56 / 04.06.2022
22188
3 daqiqa o‘qiladi

So‘m ramzining fransuz kompaniyasi logotipiga o‘xshashligi masalasida izoh berildi

Fransiyaning “In-Core Systèmes” kompaniyasi logotipi O‘zbekistonda tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan, shu sababli himoya qilinmaydi, deb ma’lum qildi Adliya vazirligining Intellektual mulk departamenti. Qo‘shimcha qilinishicha, qonunchilikka binoan, pul belgilari mualliflik huquqi obektlari hisoblanmaydi.

Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti milliy valuta – so‘mning tanlab olingan ramzi va Fransiya “In-Core Systèmes” kompaniyasi logotipi o‘xshashligi bo‘yicha munosabat bildirdi.

“Ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan ushbu holatga intellektual mulk obektidan, xususan, tovar belgisidan noqonuniy foydalanish sifatida baho berilmoqda”, deyiladi munosabat avvalida.

Departamentga ko‘ra, “In-Core Systèmes”kompaniyasining belgisiga o‘xshash belgilar dunyoning bir qator davlatlarida (AQSh, Kanada, Janubiy Koreya, Italiya, Germaniya va Hindiston) ham foydalanib kelinadi.

“Ta’kidlash joizki, intellektual mulk obektlarining huquqiy muhofazasi territorial (hududiy) xarakterga ega. Boshqacha aytganda, intellektual mulk obekti ma’lum bir davlat hududida huquqiy himoyadan foydalanadi. Shu jumladan, tovar belgisi ham tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilganidan so‘ng huquqiy muhofazaga ega bo‘ladi”, deyiladi bayonotda.

Rasmiylarga ko‘ra, “In-Core Systèmes”kompaniyasining belgisi O‘zbekistonda tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan va muhofaza qilinmagan.

“Ushbu holatni mualliflik huquqi nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risida Bern konvensiyasi va milliy qonunchiligimizga muvofiq, mualliflik huquqi yaratish fakti bo‘yicha yuzaga keladi va uning yuzaga kelishi hamda amalga oshirilishi uchun ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunining 8-moddasiga muvofiq, rasmiy ramzlar va belgilar (bayroqlar, gerblar, ordenlar, pul belgilari va shu kabilar) mualliflik huquqi obektlari hisoblanmaydi.

Shuni ta’kidlash joizki, mazkur belgini tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish va muhofaza qilish maqsadida Intellektual mulk departamentiga murojaat qilinmagan. Agar ushbu belgini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Intellektual mulk departamentiga murojaat qilinsa, holat ekspertlar tomonidan to‘liq o‘rganilib, tegishli tartibda xulosa beriladi”, – deyiladi Adliya vazirligi departamenti izohida.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank so‘m ramzi uchun g‘olib shaklni 500dan ortiq taklif orasidan tanlab olganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid