21:41 / 06.06.2022
125676

Starlink O‘zbekistonga kirmoqchi. U taklif qilayotgan internet narxlari qanaqa?

Yaqinda Starlink rasmiy saytida loyiha doirasida sun’iy yo‘ldosh internetining ishga tushish hududi va vaqti aks etgan xarita e’lon qilindi. Unda ko‘rsatilishicha, loyiha O‘zbekistonda 2023 yildan ishlay boshlaydi.

Starlink terminali / Foto: Business Insider

May oyida Starlink loyihasiga egalik qiluvchi SpaceX kompaniyasi vakili fazoviy texnologiyalar bo‘yicha xalqaro konferensiya doirasida Toshkentga kelgan edi. AKT vazirligi va “O‘zbekkosmos” agentligi vakillari u bilan uchrashuvda kompaniya va Starlink loyihasini O‘zbekistonga taklif qilgandi.

Loyiha qachon ishga tushishi, qanday ishlashi, O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh internetidan nimalarni kutish mumkinligi, internet narxi qancha bo‘lishi kabilar hozircha noma’lum.

O‘zbekiston o‘z sun’iy yo‘ldoshini uchirish rejalarini kechiktirgan

2018 yilda innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekiston o‘z sun’iy yo‘ldoshini uchirishi, bu mamlakatdagi “hayotni birdaniga o‘zgartirib yuborishi”, xususan internet tezligi oshishini aytgandi. Ammo shundan keyin bu yo‘nalishda deyarli yangilik bo‘lgani yo‘q.

2022 yil martida “O‘zbekkosmos” direktori Shuhrat Qodirov aytdiki, sun’iy yo‘ldosh orqali olinadigan internet ancha sekin va katta mablag‘ talab qilgani uchun uni uchirish unchalik foydali emas. Qodirovning fikricha, O‘zbekistonda optik tolali internetni kengaytirish samaraliroq.

5 yil oldingi gaplar amalga oshmay qolgani, yangi bayonotda esa O‘zbekiston o‘z sun’iy yo‘ldoshini uchirishi hozir kun tartibida emasligi tasdiqlanganidan kelib chiqsak, Starlink interneti mamlakat telekommunikatsiya tarmog‘ini yangi bosqichga chiqarish uchun yaxshi imkoniyat bo‘lishi mumkin.

Starlink interneti narxi va o‘zbekistonliklar cho‘ntagi

Tomga o‘rnatilgan Starlink terminali / Foto: Harris Wilson

Ookla kompaniyasining Speedtest servisi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda mobil bo‘lmagan (Fixed Broadband) eng tez internet aloqasi Singapurda – soniyasiga 207,6 Mbit. O‘zbekiston bu borada 39,7 Mbit/soniya tezlik bilan 84-o‘rinni egallab turibdi.

Starlink interneti loyihasi esa 500 Mbit/soniyagacha internet tezligi taklif qilyapti. Demak, bu – hozir eng yuqori tezlikdagi mobil internetdan ham kamida 2 barobar tez.

2021 yil 4-choragi bo‘yicha Speedtest statistikasi: AQShda sun’iy yo‘ldoshli internetning o‘rtacha tezligi keng polosali nomobil internetning o‘rtacha ​​​tezligidan pastroq

Biroq yuqori tezlikdagi internetdan bahramand bo‘lishni hammaning ham cho‘ntagi ko‘tarmaydi. Sun’iy yo‘ldoshli internet qurilmalari paketini xarid qilish va oylik abonent to‘lovini to‘lab borish lozim. Starlink taklif etayotgan tariflar quyidagicha:

  • “Starlink internet” tarifi — 50–250 Mbit/soniya tezlikda; qurilma 599 dollar, oylik to‘lov 110 dollar.
  • “Starlink Business” tarifi — 150–500 Mbit/soniya tezlikda; qurilma 2500 dollar, oylik to‘lov 599 dollar.
  • “Starlink RV” tarifi — 50-250 Mbit/soniya tezlikda, qurilma 599 dollar, oylik to‘lov 135 dollar.
599 dollarlik Starlink to‘plami / Foto: Alex Lockie

Ko‘rinib turibdiki, tariflar arzon emas, shu bilan birga, sifatli internet narxlarini biznes uchun haddan tashqari qimmat deb bo‘lmaydi.

Butun sayyoraga – tezkor internet

Starlink loyihasi orbitaga 12 mingdan 30 mingtagacha sun’iy yo‘ldosh olib chiqib, Yerni 3 qator bo‘lib o‘rab olishni maqsad qilgan. Va u butun dunyoga sifatli internet yetkazib berishi kerak.

Loyiha 2019 yilda ishga tushgan va 2022 yil may holatiga ko‘ra, Yerning quyi orbitasiga 2400 ta kichik sun’iy yo‘ldoshlar olib chiqilgan.

Starlink internetini mobil internet sifatida ishlatish uchun alohida tarif ishlab chiqilgan. / Foto: Harald Murphy 

Loyiha saytida yozilishicha, Starlink kabelli internetdan ancha tezroq ishlaydi va ko‘proq hududlarni qamrab oladi. An’anaviy sun’iy yo‘ldoshlar sayyoradan 35 ming kilometr uzoqlikda bo‘lsa, Mask taklif etayotgan Starlink Yerdan 550 kilometr uzoqlikda va shuning uchun ham u boshqa sun’iy yo‘ldoshlardan ancha tezroq ishlaydi.

Mavzuga oid
Top