O‘zbekiston | 07:22 / 10.06.2022
3810
4 daqiqa o‘qiladi

DXX giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazdi

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.

Foto: Videodan kadr

DXX xabariga ko‘ra, unda Samarqand va Navoiy viloyatlarini bog‘lovchi “Samarqand” muntazam YPX maskanida Ishtixon tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi “Nexia” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Uning salon qismida 2 kilogramm 27 gramm “opiy” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan ushbu narkotik moddalarni qonunbuzar sotish maqsadida Xorazm viloyatiga olib ketayotgan bo‘lgan.

Boshqa bir holatda esa ko‘p bosqichli tezkor tadbir o‘tkazilib, dastlab Samarqand shahridagi “Cho‘pon ota” YPX maskanida to‘xtatilgan avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Bekobod shahrida yashovchi, 1982 va 1996 yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro yonida 984 gramm “gashish” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

So‘ngra Bulung‘ur tumanidagi “Yuqori nuqta” YPX maskanida ularning sherigi, Bekobod shahrida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan, muqaddam 3 marotaba sudlangan shaxs o‘zining “Nexia” rusumli avtomashinasida 989 gramm “gashish” moddasini olib ketayotgan vaqtida ushlandi. 

Ushbu giyohvandlik vositalarini Tojikistondan olib kelib, sotilishini yo‘lga qo‘ygan Bekobod shahrida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan guruh tashkilotchisi ham Samarqand viloyatida qo‘lga olindi. 

Bu yo‘nalishda DXX Farg‘ona va Andijon viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan ham boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Quva tumanida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro kelgusida sotish maqsadida sherigi, Andijon shahrida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan shaxsga 1 kilogramm 986 gramm “gashish” moddasini bergan vaqtida, ular ikkalasi ham qo‘lga olindi. 

Aniqlanishicha, ushbu ajal og‘usi Qirg‘iziston fuqarosidan 5 ming AQSh dollariga sotib olinib, aylanma yo‘llar orqali Quva tumaniga olib kelingan.

Beshariq tumanida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan shaxs tojikistonlik narkosavdogardan 5 ming AQSh dollariga sotib olingan 940 gramm “opiy” moddasini kontrabanda yo‘li bilan Qo‘qon shahriga olib kelib, 1977 va 1979 yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan 2 nafar xaridorga sotayotgan vaqtida ular barchasi qo‘lga olindi. 

Qo‘qon shahrida kuzatilgan holatda esa 1987 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs 826 dona “Regapen” va 80 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 2 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi.

DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Namangan-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Nexia” rusumli avtomashina Pop tumanidagi “Namangan” muntazam YPX maskanida to‘xtatildi. 

Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Toshkent shahrida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro yonida 2237 dona “Regapen”, 400 dona “Selofen” va 300 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Aniqlanishicha, qirg‘izistonlik fuqaro tomonidan davlat chegarasidan aylanma yo‘llar orqali Uchqo‘rg‘on tumani hududiga o‘tkazib berilgan ushbu dori vositalari Toshkent shahrida sotilishi rejalashtirilgan. 

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksi tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid