Jahon | 09:03 / 11.06.2022
16155
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda inflatsiya 40 yil ichida eng yuqori ko‘rsatkichga chiqdi 

May oyida AQShda iste’mol narxlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,6 foizga o‘sdi, bu 1981 yil dekabridan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Foto: David Paul Morris / Bloomberg

Aprel oyidagi biroz pasayishdan so‘ng, AQShda iste’mol narxlarining o‘sishi yana tezlashdi va 40 yildan ortiq vaqt ichidagi eng yuqori darajaga yetdi. Vashingtondagi Mehnat vazirligining 10 iyun, juma kuni ma’lum qilishicha, may oyida inflatsiya yillik hisobda 8,6 foizni tashkil etdi, bu 1981 yil dekabridan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Aprel oyida u 8,3 foizni, martda 8,5 foizni tashkil etdi.

Qo‘shma Shtatlarda oxirgi marta 1981 yil dekabrida inflatsiya may oyida qayd etilgan qiymatdan oshib ketgandi, o‘shanda uning darajasi 8,9 foizni tashkil etgan. May oyida energiya tashuvchilar narxlarida eng katta o‘sish kuzatildi, narxlar 2021 yilning shu oyiga nisbatan 34,6 foizga oshdi. Oziq-ovqat 10,1 foizga qimmatlashdi, bu 1981 yil martidan beri eng kuchli o‘sishdir.

Inflatsiyaning o‘sishi bir vaqtning o‘zida tovarlar va xizmatlar narxi keskin oshishini bashorat qilgan tahlilchilar prognozidan ham oshib ketdi, deb ta’kidlaydi AFP. Reuters tomonidan so‘ralgan ekspertlar ko‘rsatkichlar turg‘un bo‘lishini kutganini bildirdi. Hauck Aufhäuser Lampe banki tahlilchisi Bastian Xepperle fikricha, yaqin kelajakda inflatsiya juda yuqori darajada qoladi. O‘z navbatida, Germaniyaning LBBW banki eksperti Dirk Klenx AQSh federal zaxira tizimi pul-kredit siyosati kursini qat’iylashtirishiga ishonch bildirdi.

Hozirgi vaqtda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida inflatsiyaning yuqori darajasi qayd etilmoqda. Ukrainada urush boshlanganidan buyon narxlar, birinchi navbatda, energiya tashuvchilar va oziq-ovqat mahsulotlarining narxi oshib bormoqda. Yevropadagi eng rivojlangan davlat - Germaniyada may oyida inflatsiya darajasi, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 7,9 foizni tashkil qiladi. 

Mavzuga oid