O‘zbekiston | 13:38 / 15.06.2022
9368
2 daqiqa o‘qiladi

Istirohat bog‘laridagi 574 ta attraksion texnik nosoz deb topildi 

Istirohat bog‘laridagi 574 ta attraksion texnik nosoz deb topildi, ularning faoliyati cheklanib, ishlatmaslik choralari ko‘rildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Malika Mirjamolova ma’lum qildi.

Foto: t.me/aokamediakontent

Qayd etilishicha, ishchi guruhlar tomonidan respublikadagi mavjud 143 ta madaniyat va istirohat bog‘idagi 1879 ta har xil turdagi attraksion (kichik attraksionlar ham) qayta o‘rganib chiqildi.

Ushbu attraksionlarning 450 ga yaqini istirohat bog‘lari tasarrufida bo‘lsa, qolganlari xususiy tadbirkorlarga tegishli bo‘lib shartnoma asosida foydalaniladi.

O‘rganishlar natijalari bo‘yicha 574 ta texnik nosoz deb topilgan attraksionlar faoliyati cheklanib, ishlatmaslik choralari ko‘rilgan. 

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilib, kamchilik aniqlangan attraksionlarni foydalanmaslik sharti hamda kamchiliklar bartaraf qilingunga qadar to‘xtatib qo‘yish bo‘yicha mahalliy davlat organlariga axborotnomalar hamda madaniyat va istirohat bog‘lari rahbarlariga 116 ta taqdimnoma berilgan.

Bildirilishicha, hozirgi vaqtda madaniyat va istirohat bog‘lari, xiyobonlar va boshqa ko‘ngilochar maskanlarda, shu jumladan aholi yashash joylari hamda ko‘p qavatli uylar oldidagi ochiq maydonlarda turli attraksion (batut)lardan foydalanish keskin ortgani inobatga olinib, attraksionlardan foydalanishda xavfsizlikni ta’minlash choralari yanada kuchaytirilgan.

Bundan oldin Senat hokimliklar va biznes-vakil attraksionlar xavfsizligini ta’minlashda e’tiborsizlik qilayotganini bildirgandi.

Mavzuga oid