Ma’lum qilinishicha, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining Istirohat bog‘lari attraksionlarini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan hududlardagi 143 ta madaniyat va istirohat bog‘larida o‘rnatilgan 1879 ta attraksionlar holati o‘rganilgan.
Aniqlanishicha:
- attraksionlarning 1263 tasida texnik pasportlar yo‘q;
- 1212 ta attraksionda tashrif buyuruvchilar uchun foydalanish bo‘yicha axborot stendlari yo‘q;
- 1644 ta attraksion texnik-statik va dinamik sinovlardan o‘tkazilmagan;
- 1453 ta attraksionda maxsus korxona tomonidan po‘lat qismlarning texnik holati bo‘yicha xulosalar mavjud emas.
Lekin kamchiliklar yuzasidan fuqarolar ishtirokidagi baxsiz hodisalarning oldini olish maqsadida hokimliklarga yuborilgan xatlarga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti.
“Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligiga hududlarda joylashgan Madaniyat va istirohat bog‘larida o‘rnatilgan qo‘lbola va yaroqsiz attraksionlarni foydalanishdan chiqarishda amaliy yordam berishni so‘rab, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan xatlar yuborilgan.
Biroq mutasaddi hokimliklar tomonidan ushbu masalaga hanuzgacha yetarli e’tibor qaratilmagan. Bu esa o‘z navbatida fuqarolari va yurtimiz mehmonlarining hayoti hamda sog‘lig‘i bilan bog‘liq baxsiz hodisalar sodir bo‘lishi ehtimolini yanada kuchaytirmoqda”, – deya Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Ma’lum qilinishicha, 2019-2021 yillarda attraksionlar bilan bog‘liq 7 ta baxsiz hodisa sodir bo‘lgan va ularda 3 nafar inson halok bo‘lgan.
Shuningdek, 5594-sonli prezident farmoniga muvofiq, istirohat bog‘lari attraksionlarini ekspluatatsiya qilish borasidagi qonun hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshirish Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasiga yuklatilgan.
Lekin Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan 2018-2021 yillar davomida yetarli darajada tekshirishlar o‘tkazilmagan, attraksionlar holatiga ularga texnik jihatdan qonuniy baho berilmagan.









