Surxondaryodagi majlis vaqtida 8 kishi qo‘lga olindi
Surxondaryoda korrupsiyaga barham berish va mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan yig‘ilishda 8 nafar davlat xizmatchisi DXX tomonidan qo‘lga olindi. Gumondorlar milliardlab so‘mlik don mahsulotlarini talon-toroj qilgani va soxta hujjatlar orqali tomchilatib sug‘orish uchun subsidiya olgani aytilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi budjet va kredit mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumonlanayotgan 1 nafar sobiq bank xodimi va 7 nafar turli tashkilot xodimlarini ehtiyot chorasi sifatida majlis jarayonida qamoqqa olgan.
Bu haqda xabar bergan O‘zA voqea aynan qachon va qayerda ro‘y berganiga aniqlik kiritmagan. Xabarda bir necha jinoyat ishlariga oid ayrim tafsilotlar keltirib o‘tiladi.
Unga ko‘ra, may oyida “Surxondaryo don mahsulotlari” AJga qarashli “Alpomish” un tegirmoni sobiq rahbari D.A. va ombor mudiri F.A. 12 mlrd 87 mln so‘mlik 2 884 tonna don mahsulotini talon-toroj qilgan bo‘lishi mumkinligi ma’lum bo‘lgan.
Tergov davomida D.A. 616 tonna don mahsuloti uchun yetkazilgan zararni, ya’ni 2 mlrd 607 mln so‘mni to‘liq qoplagani uchun unga nisbatan qo‘llanilgan “qamoq” ehtiyot chorasi “garov”ga o‘zgartirilgan.
Mazkur jinoyat ishi doirasida “Muzrabot don qabul qilish shoxobchasi” sobiq mudiri O.I. va “Alpomish” un tegirmoni sobiq rahbari Yo.O. katta miqdordagi don mahsulotlarini talon-toroj qilgan bo‘lishi mumkin. Ularga nisbatan ham “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Yo.O. qiymati 4 mlrd 886 mln so‘mlik 1 166 tonna don mahsulotini talon-toroj qilganlikda gumonlanyapti. Tergov jarayonida sobiq rahbarga tegishli qiymati 5 mlrd 400 mln so‘mlik ko‘chmas mulk obektlari xatlovga olingan. Shu sababli unga nisbatan qo‘llanilgan “qamoq” ehtiyot chorasi ham “garov”ga o‘zgartirilgan.
Shuningdek, ombor mudiri F.A. hamda tegirmon katta tahlilchisi X.J. tomonidan jinoiy yo‘l bilan topilgani gumon qilinayotgan 2 ta “Jyentra” rusumli yengil avtomashina ham tegishli tartibda xatlangan.
Yana bir holat: 2021 yilda Sho‘rchi tumanidagi “Shurchi Indenim Klaster” MChJ tasarrufidagi 1 376 gektar paxta maydoniga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish rejalashtirilgan. Amalda texnologiya 142,7 gektar maydonda barpo etilib, pudratchi “Agro new drip” MChJ tomonidan ishlar to‘liq yakuniga yetkazilmagan. Hisobotlarda esa ishlarning to‘liq bajarilgani ko‘rsatilgan. Bu esa katta miqdordagi subsidiya mablag‘larining ajratilishiga sabab bo‘lgan.
O‘rganishlar natijasida, “Amu-Surxon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i T.A. va ushbu boshqarmada faoliyat yuritib kelayotgan ayrim mas’ul shaxslar davlat budjetidan subsidiya mablag‘lari ajratilishi haqidagi imkoniyatdan qasddan foydalanib, yuqoridagi 142,7 gektar maydondan tashqari, qo‘shimcha 993 gektarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgani haqida soxta hujjatlar tuzganlikda gumonlanmoqda.
Oqibatda “Shurchi Indenim Klaster” MChJga 6 mlrd 747 mln 640 ming so‘m miqdoridagi subsidiya mablag‘lari asossiz ajratilgan va iqtisodiyotga katta miqdorda zarar keltirilgan. Holat yuzasidan T.A.ga gumonlanuvchi sifatida “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda “Shurchi Indenim Klaster” MChJ mas’ul shaxslari tomonidan keltirilgan 6 mlrd 747 mln 640 ming so‘mlik zararning davlat foydasiga undirilishi ta’minlangan. Shu munosabat bilan unga nisbatan qo‘llanilgan “qamoq” ehtiyot chorasi “garov”ga o‘zgartirilgan.
Tergov harakatlari davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.
Avvalroq Samarqandda aholiga ajratilgan un mahsulotini sotib yuborgan MChJ rahbariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Mavzuga oid
13:36 / 06.11.2024
Surxondaryoda Cobalt'ning gaz quvuriga urilishi oqibatida avariya holati sodir bo‘ldi
20:01 / 01.11.2024
O‘zbekiston Qahramoni Ahmad Narzullayev vafot etdi
10:02 / 19.10.2024
Surxondaryoda aholiga tarqatilishi kerak bo‘lgan 1 400 tonna ko‘mir talon-toroj qilindi
07:40 / 18.10.2024