Jahon | 23:35 / 04.07.2022
23297
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Luhansk oblastidagi janglarda qatnashgan bo‘linmalarga «dam olish»ni buyurdi

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu prezident Vladimir Putinga qurolli kuchlar «maxsus harbiy operatsiyani davom ettirishi»ni bildirdi. 

Foto: Getty Images

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashdi. Shoygu uchrashuv chog‘ida Putinga «Luhansk xalq respublikasi ozod etilgani» haqida axborot berdi.

Putin, o‘z navbatida, Luhansk yo‘nalishidagi janglarda faol qatnashgan «Markaz» guruhi bo‘linmalariga dam olishga buyruq berdi.

Putin shuningdek, «Markaz» guruhi qo‘mondoni general-polkovnik Aleksandr Lapin va janubiy harbiy okrug 8-armiyasi qo‘mondoni o‘rinbosari general-mayor Esedulla Abachevga «Rossiya qahramoni» unvoni berilishini e’lon qildi.

Shoygu qurolli kuchlar «maxsus harbiy operatsiyani davom ettirishi»ni bildirdi.

Rossiya mudofaa vazirligining ma’lumot berishicha, Luhansk yo‘nalishida Ukraina tomonidan 2218 kishi halok bo‘lgan va 3251 kishi yaralangan. Shu bilan birga, Shoygu Rossiya armiyasining yo‘qotishlari haqida Putinga ma’lumot bermadi. 

3 iyul kuni Rossiya qo‘shinlari Luhansk oblastidagi oxirgi eng yirik shahar - Lisichanskni egallagani ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid