Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Boris Jonsonning o‘rniga kim keladi? Ehtimoliy nomzodlar ro‘yxati
Boris Jonson hukmron Konservativ partiya rahbarligidan ketdi. Partiya endi bosh vazirlik lavozimida Jonsonni almashtirishi kerak bo‘lgan o‘z yetakchisini tanlaydi. Bu kim bo‘ladi - hozircha bu haqda ishonch bilan aytish imkonsiz.
Hali barcha salohiyatli nomzodlar ham o‘z bosh vazirlik ambitsiyalari haqida e’lon qilishmagan. Yaqin haftalar ichida konservatorlarning parlamentdagi fraksiyasi bir necha raunddan iborat ovoz berish jarayonini o‘tkazishadi - birinchi turda 18 tadan kam ovoz olganlar, ikkinchi turda 36 tadan kam ovoz olganlar chiqib ketadi va yakunda asosiy ikki nomzod qoladi. Va yoz mobaynida partiya a’zolari bu ikki nomzoddan birini yangi yetakchi sifatida saylaydi. Jarayon sentabrga qadar yakunlanishi kutilmoqda va o‘shanda Birlashgan Qirollikda yangi bosh vazir paydo bo‘ladi.
Hozircha bunday siyosatchilarning konservatorlar orasidagi mashhurligi bo‘yicha birgina o‘lchov bor - YouGov agentligi partiyaning 716 vakili o‘rtasida o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, amaldagi mudofaa vaziri Ben Uolles yetakchilik qilmoqda, uning ortidan kichik farq bilan Penni Mordont bormoqda, yetakchilar uchligini Rishi Sunak yakunlab beradi.
Bu odamlar kimlar? Quyida ular va boshqa ehtimoliy nomzodlar haqida keltiriladi.
Rishi Sunak

Rishi Sunak britan parlamentiga deputat bo‘lganiga juda ko‘p vaqt bo‘lmagan - 2015 yil.
2019 yilga kelib u moliya vaziri lavozimini egallagan va bu lavozimda shu yilning 5 iyuliga qadar ishlagan, o‘shanda u o‘z hamkasbi, sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid ortidan iste’fo bergan.
Ularning ikkisi ham Boris Jonsonning siyosatiga qo‘shilmasliklarini keskin ohangda bildirishgan.
«Jamoatchilik haqli ravishda hukumat to‘g‘ri, mulohazali va jiddiy ishlashini kutmoqda. Bu mening so‘nggi vazirlik ishim bo‘lishi mumkinligini tushunaman, ammo men bu standartlar kurashishga arziydi deb hisoblayman va aynan shu tufayli iste’fo beraman», degandi o‘shanda Sunak.
O‘z vaqtida u konservatorlarning bo‘lajak yetakchisi sifatida porloq kelajak kutayotganini taxmin qilishardi. Ammo so‘nggi oylarda turmush o‘rtog‘ining soliq bilan bog‘liq muammolari tufayli uning obro‘si ancha tushib ketdi - uning rafiqasi Akshatu Murti otasining Hindistondagi Infosys kompaniyasida ulushga ega va o‘tgan yili dividend sifatida 10 million funt sterlingdan ortiq mablag‘ga ega bo‘lgan va nerezident maqomi bahonasida Britaniyada soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda ayblangan.
Murti «turmush o‘rtog‘ini bezovta qilmaslik» uchun kerak bo‘lgan barchasini xazinaga to‘lashini e’lon qiladi, ammo ko‘p o‘tmay 2020 yil iyunida Dauning-stritda uyushtirilgan tug‘ilgan kun bazmida ishtirok etib, lokdaun qoidalarini buzgani uchun jarima to‘laydi. Shu sabab bilan jarimaga tortilganlar qatorida Boris Jonson ham bor edi.
Pandemiya davri aynan Sunak moliya vazirligi davriga to‘g‘ri keldi va lokdaunlar davomida iqtisodiyotni barqaror ushlab turish vazifasi uning chekiga tushdi. Uning g‘aznachilik rahbarligidan iste’fosi qator vazirlar iste’fosini boshlab berdi va yakunda Boris Jonson partiya yetakchiligini tark etishiga olib keldi.
Liz Trass

Tashqi ishlar vaziri Elizabet Trass Rishi Sunak va Sajid Javid o‘z lavozimlarini tark etishi ortidan Boris Jonsonni qo‘llab-quvvatlab chiqdi va bu amaldagi hukumat tarafdorlari orasidagi mavqeyini mustahkamladi.
Tashqi ishlar vazirligini boshqargan ikkinchi ayol bo‘lgan Trass xonim allaqachon o‘z hisobiga ikkita ko‘zga ko‘rinarli harakatni yozib qo‘ygan - Eron qamoqxonasidan jurnalist Nazanin Zagari-Retkliffni ozod qilish hamda Rossiya va uning oligarxlariga qarshi sanksiyalar qo‘llash.
Trass 2010 yilda Britaniya parlamenti deputatiga aylangan va iqtisodiyot hamda savdoda libertian qarashlari tufayli bosqichma-bosqich Konservativ partiya a’zolari orasida mashhurlikka erishib borgan.
Uning uslubi hamisha ham keng jamoatchilikka ma’qul kelaveraydi. Masalan, 2015 yilda partiya konferensiyasidagi «pishloq haqidagi hissiyotli nutqi» tufayli uni ijtimoiy tarmoqlarda masxara qilishgan.
Lekin bu voqea uning pozitsiyasiga ta’sir ko‘rsatmagan va shundan keyin Trass Vazirlar kabinetida qator yuqori lavozimlarda ishlagan, jumladan Britaniya Yevroittifoqdan chiqqanidan keyin xalqaro savdo vaziri sifatida dunyoning turli mamlakatlari bilan muhim savdo kelishuvlarini tuzgan.
Sajid Javid

Sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid lavozimdan ketishi haqida e’lon qilib, Boris Jonsonga ilk zarbani berdi. U parlament deputatlariga murojaatida halollik haqida gapirgan va «muammolar yuqoridan boshlanishi»ni qayd etgan.
U 1969 yilda Rochdeylda birinchi avlodi pokistonlik muhojirlar bo‘lgan oilada tug‘ilgan, uning otasi avtobusda konduktor bo‘lib ishlagan. Siyosatchiga aylanguniga qadar Sajid Javid 20 yilga yaqin vaqt davomida bank biznesida faoliyat ko‘rsatgan.
Javid avvaliga Devid Kemeron va Tereza Mey, keyin Boris Jonson hukumatlarida turli lavozimlarni egallagan.
2019 yil fevralida Buyuk Britaniya ichki ishlar vaziri ekanida u o‘smirligida Suriyaga ketgan va IShIDga qo‘shilgan Shamima Begumning Britaniyaga qaytishini taqiqlaydi. Shamima Begun ishi katta rezonans keltirib chiqaradi, Javidning uni fuqarolikdan mahrum etish to‘g‘risidagi qarori esa jamoatchilikda munozaralarga sabab bo‘ladi.
O‘sha yili Javid o‘z nomzodini Konservativ partiya yetakchiligi uchun ko‘rsatadi, ammo ikkinchi turda Boris Jonson foydasiga ixtiyoriy ravishda poygadan chiqadi.
Jonson Javidning bu xizmatini qadrlaydi va uni moliya vaziri etib tayinlaydi, ammo yarim yil o‘tib bosh vazir maslahatchisi Dominik Kammings bilan ziddiyat fonida lavozimini tark etadi.
U 2021 yilda sog‘liqni saqlash vaziri sifatida katta siyosatga qaytadi va bu lavozimda 5 iyulgacha, Boris Jonsonning harakatlaridan noroziligini izhor etib, iste’foga chiqmaguncha qoladi.
Nadim Zahaviy

Iroqlik Zahaviy Britaniyaga oilasi bilan Saddam Husayn hokimiyatga kelishi ortidan immigratsiya bo‘ladi.
Zahaviy savdo merchendayzi bo‘yicha «Telepuziki» brendi ostidagi kompaniyaga asos soladi, keyinroq YouGov sotsiologik xizmatini yaratadi (yuqorida nomi tilga olingan), 2010 yilda esa Stratford-on-Eyvon okrugidan (bu joy Shekspirning vatani sifatida ma’lum) parlamentga saylanadi.
Pandemiya vaqtida Zahaviy vazir o‘rinbosari sifatida vaksinatsiya dasturiga mas’ul edi. Dastur muvaffaqiyatli chiqdi deb topiladi va ko‘p o‘tmay Jonson Zahaviyni to‘laqonli vazir etib tayinlaydi - ammo endi ta’lim sohasiga.
Rishi Sunak moliya vazirligidan ketgach, Zahaviy uning o‘rniga tayinalanadi - bu hukumatda daraja bo‘yicha ikkinchi o‘rindagi lavozimdir.
Jyeremi Hant

2005 yildan buyon parlamentning quyi palatasi a’zosi, 2010 yilda Hant madaniyat vaziri sifatida Devid Kemeron hukumatidan o‘rin olgan.
Kemeron hukumatida Hant sog‘liqni saqlash vaziri va tashqi ishlar vaziri lavozimlarida ham ishlagan.
2019 yilda u torilar yetakchisini saylashda finalga qadar yetib borgan va Boris Jonsonga yutqazgan.
Pandemiya davrida janob Hant parlamentning sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha komissiyasini boshqargan, bu komissiya hukumat harakatlariga baho bergan.
Hant - britan admiralining o‘g‘lidir. U dastlabki katta mablag‘ini oliy o‘quv yurtlarini qidirishga mo‘ljallangan Hotcourses saytini yaratish orqali topgan.
Priti Patel

Patel xonim siyosatga jamoatchilik bilan aloqalar sohasi orqali kirib kelgan. U Britaniya hukumatida alkogol va tamaki kompaniyalari lobbichisi sifatida ishlagan, 2010 yilda parlamentga saylanishidan oldin konservatorlar partiyasida piar bilan shug‘ullangan.
Patel Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishini faol qo‘llab-quvvatlagan britan siyosatchilaridan biri bo‘lgan, bir safar Boris Jonson breksitni ta’minlab, bu orqali butun partiyani qutqargan yagona britan siyosatchisi ekanini aytgandi.
Jonson hukumatida u ichki ishlar vaziri bo‘ladi.
6 iyun kuni Patel Jonsonni iste’foga chaqirgan hukumat amaldorlari guruhiga qo‘shildi.
Patel ichki ishlar vaziri sifatida asosan noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashadi. Uning vazirlikdagi so‘nggi tashabbusi qochqinlarni Ruandadagi qabul qilish punktiga qayta yo‘naltirishga urinish bo‘ldi.
Ben Uolles

Ben Uolles - mudofaa vaziri va sobiq harbiy xizmatchi.
U 2005 yilda parlament a’zosi bo‘lgan, 2017 yilda esa Jonsonning partiya rahbarligiga saylanishi uchun o‘tkazilgan kampaniya yuzlaridan edi.
Jonson 2019 yildagina partiya va hukumatga rahbarlik qilishga erishadi, Uolles uning kabinetida vazir lavozimini egallaydi.
O‘z harbiy faoliyati davomida Uolles Germaniyada, Kiprda, Belizda va Shimoliy Irlandiyada xizmat qilgan, Irlandiya ayirmachilari teraktining oldini olishda ishtirok etgan.
Shuningdek, Uolles harbiy sifatida Parijdan marhum malika Diananing jasadini olib kelish bo‘yicha amaliyotda muhim rol o‘ynagan.
Ukrainadagi urush boshlanishiga 10 kun qolganida Uolles Moskvaga tashrif buyurgan va Sergey Shoygu bilan uchrashib, bosqinga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi to‘g‘risida ogohlantirgandi.
Tom Tugendhat

Yana bir sobiq harbiy, Iroq va Afg‘onistonda xizmat qilgan.
Tugendhatni anchadan buyon konservatorlar yetakchiligi uchun nomzod sifatida ko‘rishadi.
2020 yildan u Umum (jamoalar palatasi) palataning xalqaro munosabatlar qo‘mitasini boshqarib keladi.
Tugendhatni mo‘’tadil konservator, sharhlovchilar esa uni populistdan ko‘ra pragmatik deb hisoblashadi.
Tugendhat G‘arbni - aniqrog‘i AQShni - Afg‘onistondan qo‘shinlar olib chiqilgani uchun tanqid qilgan.
Uning fikricha, bu qarordan keyin britaniyalik faxriylar o‘zlarini afg‘onlarni «tashlab ketgan»dek his qilishgan.
Stiv Beyker

Britaniya harbiy havo kuchlarining sobiq muhandisi bo‘lmish Beyker 2010 yilda Uikomb okrugidan parlamentga saylangan.
2015 yilgi umummilliy saylovlardan keyin Beyker «Konservatorlar Britaniya uchun» harakatiga asos solgan - bu o‘sha vaqtdagi bosh vazir Devid Kemeronga Britaniyaning YeIga a’zoligi shartlarini o‘zgartirish masalasini ko‘tarishi uchun bosim qilgan tori-parlamentariylar guruhi edi.
Bundan tashqari, Beyker European Research Group nomi ostidagi yevroskeptik parlamentariylar guruhiga a’zo bo‘lgan. Tereza Mey Yevroittifoq bilan breksit bo‘yicha kelishuv tuzganida, Beyker unga oxiriga qadar muxolifatda qolgan kam sonli parlamentariylardan biri bo‘lgandi.
Uning aytishicha, hamkasblari undan partiya rahbarligi uchun kurashda ishtirok etishni «so‘rashgan».
Suella Breyvermen

2020 yildan buyon Angliya adliya vaziri.
Suella Breyvermen ham Tereza Mey hukumatida breksit bilan shug‘ullangan, ammo Mey tomonidan taklif etilgan yakuniy kelishuv loyihasi tufayli iste’fo bergan.
2015 yildan u Hempshir grafligining Ferhem okrugidan parlament a’zosi hisoblanadi.
Breyvermen partiya rahbarligi uchun nomzodini qo‘ymoqchiligini tasdiqlagan, chorshanba kuni vazirlar iste’fosidan keyin Jonsonni iste’foga chaqiruvchilarga qo‘shilgan.
Penni Mordont

2019 yilda Penni Mordont Britaniya mudofaa vaziri lavozimini egallagan tarixdagi ilk ayol kishi bo‘lgandi.
Bungacha Qirollik floti zaxiradagi harbiysi bo‘lgan Mordont xonim Devid Kemeron hukumati davrida qurolli kuchlar ishlari bo‘yicha vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Mordont desantchi oilasida dunyoga kelgan, u o‘z mehnat faoliyati davomida fokuschiga assistentlik qilgan, yosh konservatorlar harakati yetakchisi bo‘lgan va partiyaning sobiq rahbari Uilyam Heyg Londondagi Kensington va Chelsi tumanlaridagi kengashlarga rahbarlik qilgan vaqtida uning matbuot kotibi bo‘lgan.
Mordont britanlarning Splash teleshousi ishtirokchisi bo‘lgan. Unda mashhurlar auditoriya ko‘z o‘ngida suvga sakrashni o‘rganishadi.
Grant Shapps

Shapps - Boris Jonson hukumatida transport vaziri bo‘lgan. Britaniya aviakompaniyalariga ulkan zarba bergan koronavirus pandemiyasi chog‘ida Shapps uning oqibatlariga qarshi kurashishiga to‘g‘ri kelgan.
Avvalroq Shapps Kemeron va Boris Jonson hukumatlarida vazir o‘rinbosari lavozimlarida ham ishlagan.
2012 yilda Shapps partiya hamraisi etib tayinlangandi. Shapps bu lavozimda 2015 yilga qadar ishlagan, keyin u bulling bo‘yicha ayblov tufayli nafaqat bu lavozimni, balki xalqaro taraqqiyot bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimini ham tark etishiga to‘g‘ri kelgan.
Shapps Manchester politexnika institutida biznesni o‘rgangan va saratonni boshidan kechirgan. 2005 yilda parlamentariy bo‘lgandi.
Mavzuga oid
08:50 / 08.06.2026
SIPRI: dunyoda yadroviy qurollar soni yana o‘sishi mumkin
08:44 / 08.06.2026
Yevropa yetakchilari va Zelenskiy tinchlikning besh shartini e’lon qildi
16:53 / 04.06.2026
Buyuk Britaniyada 18 yoshli talaba o‘limi tufayli namoyish va tartibsizliklar ro‘y berdi
08:44 / 02.06.2026