Jahon | 14:39 / 12.07.2022
14797
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada maymun chechagi bilan kasallanishning birinchi holati aniqlandi

Rossiya Federatsiyasida maymun chechagi infeksiyasining birinchi holati aniqlandi, bemor Yevropa davlatlariga sayohatdan qaytib kelgan. Bu haqda Rospotrebnadzor ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Interfaks».

Foto: Pablo Blazquez Dominguez / Getty Images

«Kasallik Yevropa safaridan qaytgan va xarakterli toshma bilan tibbiy muassasaga murojaat qilgan yosh yigitda aniqlandi», — deyiladi idora ma’lumotida. 

Aniqlik kiritilishicha, bemordan olingan biomateriallar zudlik bilan Rospotrebnadzor muassasasiga yuborilgan, tadqiqot natijalariga ko‘ra, maymun chechagi infeksiyasi tasdiqlangan.

«Bemor izolyatsiya qilingan va yuqumli kasalliklar shifoxonasida bo‘lib turibdi. Kasallik yengil shaklda kechyapti. Bemorning hayotiga hech qanday tahdid yo‘q. Bemorning Rossiyada bo‘lgan vaqtida aloqa doirasi cheklangan edi. U kvartirada yolg‘iz yashagan», deyiladi xabarda. 

Rospotrebnadzorning ta’kidlashicha, barcha aloqada bo‘lgan shaxslar o‘z vaqtida aniqlangan va shifokorlar nazorati ostida. 

«Agar tashxis tasdiqlansa, ularga barcha zarur tibbiy yordam ko‘rsatiladi. O‘z vaqtida olib borilgan epidemiologik tekshiruvlar natijasida infeksiyaning yanada tarqalishi ehtimoli to‘xtatildi. Vaziyat Rospotrebnadzorning qattiq nazorati ostida», — deyiladi idora xabarida.

Ta’kidlanganidek, Rospotrebnadzorning «Vektor» markazi tomonidan ilgari hududlarga yuborilgan test tizimi tufayli birinchi holatni tezda aniqlash mumkin bo‘lgan. Test paytida kasallik holatlari qayd etilgan mamlakatlardan kelganlarga alohida e’tibor berildi. 

Rospotrebnadzor, shuningdek, ilgari chechakka qarshi emlanganlarda og‘ir maymun chechagi kasalligini yuqtirib olishi xavfi kamayishini esladi, chunki «barcha poksviruslar yaxshi o‘zaro immunitetni ta’minlaydi».

Maymun chechagi kam uchraydigan yuqumli kasallik bo‘lib, Markaziy va G‘arbiy Afrikaning chekka hududlarida keng tarqalgan. Uning belgilari - ko‘ngil aynishi, isitma, toshma, qichishish va mushaklardagi og‘riq. 

7 iyul kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 27 iyundan 3 iyulgacha bo‘lgan haftada dunyo bo‘ylab odamlarda maymun chechagi infeksiyasining 2,6 mingga yaqin yangi holati aniqlangani haqida xabar berdi - bu avvalgi haftaga nisbatan 77 foizga ko‘p. 1 yanvardan 4 iyulgacha 59 ta mamlakat va hududlarda jami 6 027 ta maymun chechagi infeksiyasi va kasallik oqibatlaridan 3 ta o‘lim holati aniqlangan. 

11 iyul holatiga ko‘ra, 59 ta endemik bo‘lmagan mamlakat va hududlarda 9000 dan ortiq infeksiya holati qayd etildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid