Jahon | 09:03 / 14.07.2022
11100
3 daqiqa o‘qiladi

BMT xalqaro sudida 40 dan ortiq davlat Kiyevni qo‘llab-quvvatladi

Dunyoning 40 dan ortiq davlati hukumatlari Rossiyani Ukrainadagi xatti-harakatlari uchun javobgarlikka tortishga va Moskvani xalqaro huquqni buzgani uchun tovon to‘lashga majburlashga chaqirdi.

Foto: Picture Alliance

Dunyoning 40 mamlakati, jumladan Germaniya, Fransiya, Italiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Avstraliya, shuningdek, Yevropa ittifoqi rasmiylari Rossiyaga qarshi Xalqaro sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan Ukrainani qo‘llab-quvvatladi. Tomonlar tegishli qo‘shma bayonoti 13 iyul, chorshanba kuni Yevrokomissiya saytida e’lon qilindi. 

«Biz 1948 yilgi BMTning Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq, Xalqaro sud oldida ish boshlagan Ukrainaning da’vosini qo‘llab-quvvatlaymiz. Ukraina ushbu da’vo orqali Rossiya genotsid mavjudligi haqidagi da’volarning tasdiqlanmagan faktlariga asoslanib, Ukrainada harbiy harakatlarni amalga oshirish uchun huquqqa ega emasligi haqidagi qarorga erishmoqchi», deyiladi hujjatda.

Kiyevni qo‘llab-quvvatlovchi qo‘shma bayonotni imzolaganlar ushbu da’voning muhimligini ta’kidlab, Rossiyani 2022 yil 16 martdagi sud qaroriga ko‘ra, Ukrainadagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirmoqda. «Agar Rossiya sudning 16 martdagi qarorini bajarmasa, bu xalqaro huquqning navbatdagi buzilishi bo‘ladi», — deyiladi mamlakatlarning qo‘shma bayonotida. 

«Genotsid to‘g‘risidagi konvensiyaning barcha ishtirokchi-davlatlari, kengroq aytganda, butun xalqaro hamjamiyat manfaati uchun konvensiyadan noto‘g‘ri foydalanilmasligi yoki suiiste’mol qilinmasligi kerak. Shuning uchun ushbu deklaratsiyani imzolaganlar va Genotsid konvensiyasining ishtirokchilari bu jarayonga aralashish niyatida», deb ta’kidlaydi bayonot mualliflari. 

«Xulosa qilib aytganda, biz Rossiya o‘z harakatlari uchun javobgar bo‘lishi kerakligini yana bir bor ta’kidlaymiz. Shuning uchun Rossiyaning xalqaro huquqni buzishi uning xalqaro javobgarligini keltirib chiqaradi hamda Ukraina ko‘rgan yo‘qotish va zarar uchun mas’uliyatga ega bo‘ladi, deb hisoblaymiz», - deya xulosa qiladi imzolovchilar. 

Bayonot xalqaro hamjamiyatni Ukrainaga Xalqaro sudda ish yuritishda yordam berish uchun barcha yo‘llarni o‘rganishga chaqirish bilan yakunlanadi. 

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba 1 iyul kuni Ukraina Xalqaro sudga memorandum topshirganini aytdi. «Biz Rossiya Federatsiyasi Genotsid konvensiyasini buzganligini isbotlaymiz, u o‘z harbiy tajovuzini Ukrainani «genotsid»da asossiz ayblash bilan oqlayapti. Bu Rossiya Federatsiyasini javobgarlikka tortish va yetkazilgan zararni qoplash uchun muhim qadamdir», - deb yozdi diplomat Twitter sahifasida. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid