O‘zbekiston | 20:16 / 14.07.2022
14149
7 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov qo‘shma bayonot imzoladi

Davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari tomonidan jami 19 ta hujjatga imzo chekildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Ko‘ksaroy» qarorgohida o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkmaniston muzokaralari yakunida hujjatlar imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov Qo‘shma bayonot imzoladi. Unda erishilgan asosiy kelishuvlar mustahkamlab qo‘yilgan hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklikni yanada kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha uzoq muddatli vazifalar belgilangan.

Davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari tomonidan bitimlar imzolandi. Jami 19 ta hujjatga imzo chekildi, shular jumlasidan:

  • Transport-tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida bitim;
  • Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Amudaryo suv resurslarini boshqarish, muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish to‘g‘risida bitim;
  • Tashabbusli ilmiy-tadqiqot loyihalarining qo‘shma tanlovini o‘tkazish to‘g‘risida bitim;
  • 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturi;
  • 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan ilmiy-texnik hamkorlik to‘g‘risida dastur;
  • 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi;
  • O‘zbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi – Savdo markazini tashkil etish va faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi Hukumatlararo bitim qoidalarining amaliy ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi.

Shuningdek, kimyo tarmog‘i, bojxona, temiryo‘llar, muzeylar, adliya, yoshlarga doir siyosat, teleradioeshittirish va boshqa sohalardagi hamkorlik yuzasidan qator hujjatlar imzolandi.

 

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov bo‘lib o‘tgan muzokaralar to‘g‘risidagi fikrlari bilan bo‘lishdi.

O‘zbekiston yetakchisi Turkmaniston prezidentining tashrifi xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga asoslangan birodarlik rishtalari tarixida yangi sahifa ochishga qaratilganini ta’kidladi.

«Bugun biz Serdar Gurbanguliyevich bilan mazmunli, ochiq va batafsil muzokaralar o‘tkazdik, ular, shubhasiz, hamkorligimizni yangi, yanada yuqori darajaga olib chiqadi. Biz ikki tomonlama kun tartibidagi barcha dolzarb masalalarni har tomonlama muhokama qildik. Hamkorlikning bugungi holati yuzasidan fikr almashdik, bu borada katta yutuqqa erishilganini qayd etdik. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, suv-energetika va gumanitar yo‘nalishlarda birgalikdagi ishimizning ustuvor jihatlarini belgilab oldik», deydi O‘zbekiston prezidenti.

Davlatimiz rahbari Turkmaniston bilan har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatining o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishi ekanini qayd etdi.

Ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlarining mustahkamlanishiga Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning hissasi beqiyos ekani alohida ta’kidlandi.

«Bugun Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ushbu chuqur o‘ylangan siyosatni davom ettirayotganidan biz, O‘zbekiston chin dildan xursandmiz», - dedi mamlakat yetakchisi.

Shavkat Mirziyoyev muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning muhim sohalaridagi barcha masalalar batafsil ko‘rib chiqilganini qayd etdi.

Qator istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish, qo‘shma loyiha ofisini ochish yuzasidan qabul qilingan qarorlar muzokaralarning muhim natijasi bo‘ldi.

Avtomobilsozlik, kimyo, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

Shu maqsadda o‘rta muddatli Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturi qabul qilindi.

Hududlar o‘rtasida tizimli muloqotni rivojlantirish ham O‘zbekiston-Turkmaniston sherikligiga yangi sur’at bag‘ishlaydi. Kuni kecha Buxoroda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan birinchi Hududlar forumi hali ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini yaqqol ko‘rsatdi. Uning yakunida umumiy qiymati 450 million dollardan ziyod bo‘lgan aniq shartnoma va kelishuvlar imzolandi.

Parlamentlar – Oliy Majlis va Milliy Kengash o‘rtasidagi hamkorlik samarali kechayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Har doimgidek, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari muzokaralar diqqat markazida bo‘ldi. Ilmiy va akademik almashinuvlarni rivojlantirish, innovatsiyalar sohasidagi dasturlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Bundan buyon ham O‘zbekiston va Turkmaniston madaniyati va kino kunlarini o‘tkazib borish, turizm sohasidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surishga qaror qilindi.

Muzokaralarda mintaqamizda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarining muhim ahamiyati qayd etildi.

«Markaziy Osiyoda mintaqaviy jarayonlar va ko‘p tomonlama hamkorlikning mustahkamlanishi mintaqadagi barcha mamlakatlarning taraqqiyoti va ravnaqiga xizmat qilishiga qat’iy ishonaman», dedi O‘zbekiston prezidenti.

Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Davlat rahbarlari ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi maqsadida bundan buyon ham birgalikda harakat qilishga tayyorligini bildirdilar.

BMT, MDH, IHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida faol muloqotlar va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston prezidenti Turkmaniston tomonini Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilishda ko‘rsatgan faol ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi.

Davlati rahbari turkmanistonlik hamkasbini Samarqandda o‘tkaziladigan ShHTning navbatdagi sammitida faxriy mehmon sifatida ishtirok etishga taklif etdi.

«Ko‘p qirrali Turkmaniston-O‘zbekiston munosabatlari bugun jadal rivojlanmoqda. O‘zbekiston bizning muhim siyosiy hamkorimizdir. Bugun savdo-iqtisodiy sheriklik masalalari batafsil muhokama qilindi, uni kengaytirish va diversifikatsiya qilishga ikkala tomon ham tayyor ekani tasdiqlandi», – dedi Serdar Berdimuhamedov.

Yakunda davlat rahbarlari keng ko‘lamli strategik sheriklikni rivojlantirish va kengaytirish, uni sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitish, birodar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lida aniq va samarali natijalarga erishishga qat’iy intilishlarini ta’kidladilar.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid