Jahon | 13:47 / 15.07.2022
5677
2 daqiqa o‘qiladi

Belarus tashqi qarz bo‘yicha defoltga uchrashi mumkin

Belarus Moliya vazirligi 22,9 million dollarni Belarus rublida to‘laganligi sababli Belarus-27 yevroobligatsiyalari egalari o‘z to‘lovlarini ololmadi.

Foto: Reuters / Brendan Mcdermid

14 iyul, payshanba kuni Belarus tashqi qarz majburiyatlarini bajara olmadi, deb xabar berdi Moody's xalqaro reyting agentligi. Bir kun avval mamlakat Belarus-27 yevroobligatsiyalari bo‘yicha 22,9 million dollar to‘lashi kerak bo‘lgan muddat tugadi. Biroq, Belarus Moliya vazirligi ushbu to‘lovni milliy valutada - Belarus rublida amalga oshirdi va shuning uchun obligatsiyalar egalari ularga tegishli to‘lovlarni ololmadi.

600 million dollarlik 10 yillik Belarus-27 yevroobligatsiyalari emissiyasi 2017 yil iyun oyida joylashtirilgan. Ularning egalariga yillik 7,625 foiz daromad va’da qilingan edi. Xalqaro moliya bozorlarida Belarus yevroobligatsiyalarining umumiy qiymati 3,25 mlrd dollar bo‘lgan beshta emissiyasi mavjud.

28 iyun kuni Belarus Rossiyadan keyin tashqi qarz majburiyatlarini milliy valutada qaytarishga o‘tayotganini e’lon qildi. 22 iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin tashqi davlat qarzi bo‘yicha rublda to‘lovlar to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. 27 iyun kuni Moody's Rossiyaning yevrobondlar bo‘yicha defoltini e’lon qildi. 

Mavzuga oid