O‘zbekiston | 17:16 / 19.07.2022
20573
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda internetga ulanish 2 soatga tiklanib, yana o‘chirildi

Qoraqalpog‘istonda boshlangan norozilik namoyishlari fonida hududda iyun oyining oxiridan mobil internet, iyul boshidan esa statsionar internet cheklab qo‘yilgan edi.

Foto: KUN.UZ

Mahalliy aholi vakillarining xabar qilishicha, bugun, 19 iyul kuni taxminan 14:00 lar atrofida internetga ulanish tiklangan.

Kun.uz bog‘langan rasmiylar bu yangilikni tasdiqladi, biroq bu vaqtincha yoki doimiy holat ekaniga aniqlik kirita olmadi.

Nukuslik obunachilarning ma’lum qilishicha, oradan ikki soatga yaqin vaqt o‘tib, soat 16:00 ga yaqin internet yana o‘chib qolgan. Rasmiylar bu borada izoh berishmadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining 6 iyuldagi bayonotida Qoraqalpog‘istonda internet vaqtincha cheklangani “dushmanona kayfiyatdagi kuchlar”ning “populistik shiorlarni qalqon qilib, mobil aloqa va internet orqali feyk axborotlarni tarqatib, fuqarolarni ommaviy ravishda aksilkonstitutsion faoliyatga jalb qilishga uringani” bilan izohlangan edi.

TIV bayonotidan bir kun oldin BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet O‘zbekiston hukumatini internetga cheklovlarni bekor qilishga chaqirgan edi. U ushbu chora “boshqa huquqlar qatorida so‘z erkinligi va axborotdan foydalanish kabi bazaviy huquqlarga keng ta’sir qilishi”ni ta’kidlagan.

Internet ishlamayotgani Qoraqalpog‘istonda naqdsiz to‘lovlarni amalga oshirishni imkonsiz qilib qo‘ygan.

Eslatib o‘tamiz, 25 iyun kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasini takomillashtirishga oid qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgan edi. Loyihaga kiritilgan Qoraqalpog‘istonga oid takliflar qoraqalpoq jamoatchiligida turlicha qarshi olindi. 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida ommaviy namoyish va tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi. Buning natijasida rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra 21 kishi vafot etgan, yuzlab kishi jarohatlangan.

Ommaviy tartibsizliklar oqibatida fuqarolar va tadbirkorlar mol-mulki, davlat va ijtimoiy infratuzilma obektlariga yetkazilgan zarar miqdori hozircha 3 mlrd 147 mln so‘mga baholanmoqda.

Mavzuga oid