Jahon | 11:42 / 03.08.2022
8407
3 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissar: ukrainalik qochqinlar istalgan vaqtda YeIga qaytishi mumkin

Kiyevga tashrif buyurgan Ilva Yoxanssonning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga doimiy asosda yo‘l olgan qochqinlar, agar kerak bo‘lsa, har doim YeIda qayta qabul qilinadi.

Foto: Alona Nikolaievych / Avalon

Ukrainadan Yevroittifoqqa ko‘chib o‘tgan, keyin o‘z vataniga qaytishga qaror qilgan qochqinlar urush sharoitida istalgan vaqtda YeIga qaytishi mumkin. Bu haqda 2 avgust, seshanba kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida ichki ishlar bo‘yicha yevrokomissar Ilva Yoxansson ma’lum qildi. 

«Biz yordamga muhtoj ukrainaliklarni ochiq yurak bilan qabul qilishga doim tayyormiz», dedi YeI komissari. 

Ukraina fuqarolariga Yevropa hamjamiyati hududida erkin harakatlanishi va u yerda ishlashiga ruxsat berilgan. Shuningdek, ular tibbiy yordam, uy-joy, bolalar esa - ta’lim olish huquqiga ega. Dpa agentligining aniqlik kiritishicha, Ukrainaga doimiy asosda ketayotgan ukrainaliklar vaqtinchalik himoya maqomidan voz kechishi kerak. Shu bilan birga, agar ular qaytib kelsa, istalgan vaqtda uni yangilash uchun ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. 

BMTning Qochqinlar ishi bo‘yicha agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 6 milliondan ortiq odam Ukrainadan Yevropaning boshqa davlatlariga ko‘chib o‘tgan. 

Ilva Yoxansson, o‘z navbatida, Kiyevdagi temiryo‘l vokzalida o‘z vataniga qaytib kelgan bolalari va yuklari bilan ukrainaliklarning uzun navbatini ko‘rganini aytdi. Yevrokomissar bunchalik ko‘p odamlar «uyiga qaytib, Ukrainani qayta tiklash»ga qaror qilganini «katta qadam» deb hisoblaydi. 

Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishi boshlanganidan beri Germaniyadagi Chet elliklar markaziy reyestrida urush natijasida qochqinga aylangan 915 mingdan ortiq kishi ro‘yxatga olingan. Ulardan, Germaniya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 890 605 nafari - Ukraina fuqarolari. Shu bilan birga, mahkama Ukrainadan Germaniyaga kelgan qochqinlarning haqiqiy sonini, shuningdek, Germaniya hududidagi ukrainaliklar sonini bilmaydi. Ukrainaliklar Germaniya chegaralarini o‘z hujjatlari bilan kesib o‘tishi mumkin. Bundan tashqari, do‘sti yoki qarindoshi bilan yashaydigan va davlat yordamiga murojaat qilmaganlar ham rasmiy statistikada keltirilmaydi. 

Mavzuga oid