O‘zbekiston | 15:30 / 05.08.2022
18090
2 daqiqa o‘qiladi

San’at va madaniyat instituti katta o‘qituvchisi 6000 dollar bilan ushlandi

O‘qishga kiritib qo‘yish va o‘qishni ko‘chirib berishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent shahar bo‘limi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda, fuqaro Z.I. fuqaro G‘.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari orqali O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 7500 dollarni olgan vaqtida ushlanib, uning ko‘rsatuviga asosan davom etgan tadbirda, ushbu institut katta o‘qituvchisi B.M. fuqaro Z.I.dan 6000 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. 

Bundan tashqari, departamentning Farg‘ona viloyat boshqarmasi tomonidan Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda, fuqaro Z.O‘. fuqaro I.ning qo‘shni Qirg‘iziston universitetidagi o‘qishini Farg‘ona davlat universitetiga ko‘chirib berishni 1500 dollarga kelishib, shundan 1000 dollarni qo‘lga kiritib, qolgan 500 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksi 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid