Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada kovid holatlarining keskin ko‘payishi kuzatilmoqda
Rossiyada oxirgi sutka davomida 20 mingdan ortiq yangi koronavirus infeksiyasi holati aniqlandi. RFning 12 ta sub’yektida kasalxonaga yotqizilganlar sonining ko‘payishi qayd etildi.
Rossiyada mart oyining oxiridan beri birinchi marta koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan yangi holatlarning kunlik o‘sishi 20,3 mingdan oshdi. «RFda 7 avgust holatiga ko‘ra, 20 303 ta yangi COVID-19 holati aniqlandi. Bir sutkada kasalxonaga yotqizilganlar soni 1 505 kishini tashkil etdi va oldingi kunga nisbatan 29,7 foizga kamaydi», — deyiladi yakshanba, 7 avgust kuni tezkor shtab xabarida.
Operativ shtab ma’lumotlariga ko‘ra, RFning 12 ta sub’yektida kasalxonaga yotqizilganlar sonining ko‘payishi, 63 ta hududda kamaygani qayd etilgan, 10 ta sub’yektda esa vaziyat barqaror. O‘tgan kun davomida yana 44 kishi (bir kun oldin 46) kovid oqibatlaridan vafot etdi. Rossiyada koronavirusga chalinganlar soni o‘sishi ketma-ket beshinchi kun kuzatilmoqda.
Avvalroq Rospotrebnadzor rahbari Anna Popova Rossiyada SARS-CoV-2 koronavirusining yangi yanada yuqumli subvariantlari paydo bo‘lishi fonida kasallanishning ko‘payishi kuzatilayotganini, biroq federal darajadagi koronavirus cheklovlarini qaytarish zarurati yo‘qligini aytgan edi.
Umuman olganda, pandemiya davrida Rossiyada 18 712 699 ta koronavirus holati aniqlangan, 382 741 kishi infeksiya oqibatlaridan vafot etgan. Worldometer portali ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha dunyoda o‘ninchi o‘rinni egallab turibdi.
Dunyoda birinchi o‘rinda hanuzgacha AQSh turibdi - deyarli 94 million kasallanish va 1,059 million o‘lim holati.