Jahon | 08:12 / 09.08.2022
7852
2 daqiqa o‘qiladi

Latviya yana Rossiyadan gaz olyapti

Conexus Baltic Grid ma’lumotlariga ko‘ra, rus gazi yana Latviyaga kelyapti. Avvalroq «Gazprom» «gazni tortib olish shartlari buzilgani» sababli uni mamlakatga yetkazib berishni to‘xtatgan edi.

Foto: Reuters

Latviya yana Rossiyadan gaz olmoqda – bu haqda 8 avgust, dushanba kuni Latviyaning Conexus Baltic Grid tabiiy gazini tashish va saqlash operatori ma’lumotlariga tayanib, RBK yozmoqda. Xabar berilishicha, RFdan gaz mamlakatga Estoniyada joylashgan «Luhamaa» gaz o‘lchash stansiyasi orqali kiradi. 

Latviya aprel oyi boshida Moskvaning rus gazi uchun rublda to‘lash bo‘yicha talablarini bajarmaslikka qaror qilib, Rossiya gazidan bosh tortgan edi. Biroq, iyun oyida Latviya gaz uzatish tizimining asosiy operatori Latvijas gāze xaridlarni qayta boshladi. Shu bilan birga, Latvijas gāze xomashyo to‘g‘ridan to‘g‘ri «Gazprom»dan sotib olinmasligini, bitimlar yevroda amalga oshirilayotganini ta’kidladi. 

Iyul oyi oxirida Rossiyaning «Gazprom» davlat korporatsiyasi «gazni tortib olish shartlarini buzgani uchun» Latviyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi. «Gazprom» qanday qoidabuzarliklar haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmadi. 

14 iyul kuni Latviya Seymi 2023 yil 1 yanvardan boshlab Rossiyadan tabiiy gaz yetkazib berishni butunlay taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. 2021 yilda Riga ushbu xomashyoning qariyb 90 foizini RFdan sotib oldi.

Moskva talabiga ko‘ra, 1 apreldan boshlab Rossiya hukumati Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lgan ayrim davlatlarni «do‘st bo‘lmagan mamlakatlar» ro‘yxatiga kiritdi, ular shartnomadagi valuta (yevro va dollar)ni majburiy konvertatsiya qilish sharti bilan «Gazprombank» orqali gaz yetkazib berish uchun hisob-kitoblarni rublga o‘tkazgan holda amalga oshirishi kerak, aks holda gaz eksporti to‘xtatiladi. Polsha, Bolgariya, Finlandiya va Niderlandiya allaqachon ushbu shartlarni bajarishdan bosh tortdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid