O‘zbekiston | 13:03 / 10.08.2022
53625
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud raisi o‘zgardi

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov ishdan ketdi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

Manbaning ma’lum qilishicha, prezident maslahatchisi Baxtiyor Islomov Oliy sudning yangi raisi bo‘ladi.

Bugun soat 15:00 ga belgilangan Senat kengashi yig‘ilishida Baxtiyor Islomov nomzodini Oliy sud raisi lavozimiga saylash masalasi ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Kozimjon Komilov ikki oy avval Oliy sud raisi lavozimiga qayta saylangandi. Muqaddam Oliy xo‘jalik sudi raisi bo‘lgan Komilov 2017 yildan Oliy sud raisi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Baxtiyor Islomov muqaddam Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida sudyalik qilgan, 2020 yil noyabrigacha jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi bo‘lgan. 

Baxtiyor Islomov Foto: KUN.UZ

U 2020 yil noyabrida prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenovning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

2021 yil noyabrida esa Rustam Inoyatov o‘rniga prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ish boshlagandi.

Ma’lumot uchun, Oliy sud raisi, uning birinchi o‘rinbosari va uch nafar o‘rinbosari - sud hay’atlari raislari va sudyalaridan iborat. Oliy sud raisi va a’zolarini prezident taqdimnomasiga binoan saylash Senat vakolatiga kiradi.

Mavzuga oid