“O‘lim jazosi xato qo‘llangan holatlarda bu xatoni to‘g‘rilab bo‘lmaydi” - ekspertlar
O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanishi Konstitutsiyaga yozib qo‘yilyapti. Huquqshunoslarga ko‘ra, yashash huquqini insonga Yaratganning o‘zi bergan, birovning jonini olishga hech kimning haqqi yo‘q. Qolaversa, o‘lim jazosini qayta tiklagan davlatlarda ham jinoyatlar kamayib qolmagan. Qatl qilib bo‘lingan odam aybsiz bo‘lib chiqqan holatlar esa yetarlicha.
Nima o‘zgarmoqda?
Amaldagi Konstitutsiyaning 24-moddasida “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir”, deya qayd etilgan. Taklif etilayotgan o‘zgarishga ko‘ra, bu moddaga “O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi” degan yangi jumla qo‘shilmoqda.
Mutaxassislar yashash huquqi – har bir insonning tabiiy huquqi bo‘lib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etgani, Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi norma ushbu huquq har kimning ajralmas huquqi sifatida tan olinishiga asos bo‘lishi, shu tariqa davlatimiz bu o‘ta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini tasdiqlashini ta’kidlashmoqda.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, 1994 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida 33 ta modda bo‘yicha o‘lim jazosi tayinlanishi mumkin edi. Keyinchalik jinoiy jazolar liberallashtirilib, 2008 yilgacha qonunchilikka muvofiq ikki turdagi jinoyat, ya’ni javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish va terrorizm jinoyatlarini sodir etganlik uchun o‘lim jazosi qoldirilgan.
2008 yil 1 yanvardan barcha jinoyatlar uchun o‘lim jazosi bekor qilingan. Konstitutsiyaga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartirish nafaqat o‘lim jazosini bekor qilish, balki qat’iy ravishda O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanishi va qayta tiklanmasligini ko‘zda tutadi.
Farhod Primov, IIV Akademiyasi mas’ul xodimi, Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi:
— Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatadigan bo‘lsak, o‘lim jazosini tiklash kerak degan takliflar ham uchrayapti. Ayrim fuqarolarimiz bu taklifni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rish mumkin. Xususan, ba’zi bir og‘ir, o‘ta og‘ir jinoyatlar, voyaga yetmagan shaxslarga tegajoqlik qilish, qotillik, seriyali qotillik jinoyatlarini sodir etganlarga nisbatan va hatto korrupsiya holatlari uchun o‘lim jazosini tiklash kerak, degan fikrlar bildirilmoqda.
Albatta, har kim o‘z fikrini bayon qilish huquqiga ega, lekin O‘zbekistonning bu boradagi pozitsiyasi aniq va qat’iy belgilangan. 2005 yildan amalda va 2008 yildan rasman O‘zbekistonda o‘lim jazosi bekor qilingan. Yurtdoshlarimizda o‘lim jazosi shundoq ham bekor qilingan bo‘lsa, nega bu masala Konstitutsiyaga kiritilyapti, degan savol tug‘ilishi mumkin.
Qonunlarimizga ko‘ra, bunday jazo turi mamlakatimiz hududida bekor qilingan. Konstititutsiyaga kiritish taklif etilayotgan o‘zgarishda o‘lim jazosini taqiqlash haqida gap ketmoqda. Ya’ni bekor qilish va taqiqlash bu mutlaqo boshqa-boshqa mazmundagi tushunchalar. Agar Konstitutsiyaga ushbu norma kiritilsa, bu o‘zgarish o‘lim jazosi O‘zbekistonda abadul-abad qo‘llanilmasligini anglatadi.
O‘lim jazosini tiklash tarafdori bo‘lgan fuqarolarning aksariyati bu orqali jinoyatchilik ko‘rsatkichi kamayadi, jinoyatchilikning oldi olinadi, deyishadi. Lekin bu bo‘yicha ham xalqaro tajribani tahlil qilganimizda, o‘lim jazosi jinoyatlarning kamayishiga ta’sir qiluvchi asosiy omil emasligini ko‘rdik, ya’ni bu jazo masalaning yechim emas. Bir qator davlatlarda o‘lim jazosi bekor qilingandan so‘ng tiklangan ham, ammo bu bilan vaziyat o‘nglanib qolmagan. Masalan, Xitoyda korrupsiya uchun o‘lim jazosi belgilangan, lekin har yili qancha odam aynan shu jinoyati uchun qatl etilmoqda.
Keyingi paytda internetda voyaga yetmagan shaxslarga tegajoqlik qilish bilan bog‘liq holatlar ko‘plab tarqalmoqda, ular qo‘lga olinib, jazo muqarrarligi ta’minlanyapti ham. Aksariyat o‘zbekistonliklar, hammamiz bu kabi jinoyatlarga toqat qila olmasligimiz rost. Shunday paytlarda bunday qilmishni sodir etganlarga o‘lim jazosi qo‘llanishi kerak, degan fikrlar ko‘plab bildiriladi. Takroran aytaman, o‘lim jazosi bu yerda yechim bo‘la olmaydi. Voyaga yetmaganlarga tegajoqlik qilganlarga o‘lim jazosi belgilangan taqdirda ham bunday jinoyatlar to‘xtab qolmaydi, baribir sodir etilaveradi.
Bu jarayonda xorijiy tajribani o‘rganib chiqishga to‘g‘ri keldi. Boshqa davlatlar amaliyotida o‘lim jazosiga hukm qilinib, jazo ijro etilgandan keyin qatl qilingan shaxsning aybsizligi isbotlangan holatlar ko‘plab kuzatilganiga guvoh bo‘ldik. Afsuski, o‘lim jazosi qo‘llangandan so‘ng xatoni to‘g‘rilashning imkoni bo‘lmaydi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda sudlar tomonidan ko‘plab oqlov hukmlari chiqarilayotganini ko‘ryapmiz. Agar bizda ham o‘lim jazosi amalda bo‘lganda, ehtimolki, sud tomonidan oqlanayotgan yurtdoshlarimizning bir qismi allaqachon qatl qilib yuborilgan bo‘lishi mumkin edi. Shu nuqtayi nazardan ham Konstitutsiyamizga O‘zbekistonning qat’iy pozitsiyasini bildirish uchun shu qoida kiritilmoqda.
Tolibjon Umarov, Bosh prokuratura bo‘lim boshlig‘i:
— O‘zbekistonda uchta nuqta – fuqarolik jamiyati, ijtimoiy himoya va huquqiy davlatchilik masalasi orqali inson qadrini ulug‘lashga erishmoqchi bo‘lyapmiz. Shu nuqtayi nazardan xalqimizga Konstitutsiyaviy islohotlar havola etildi va bir oydan ziyod muhokama bo‘ldi. O‘sha muhokamalarning nuqtasi sifatida o‘lim jazosini Konstitutsiya darajasida taqiqlash masalasi kun tartibiga qo‘yilgan.
Ikkita yondashuv bor, birinchisi, qotillikka qo‘l urgan shaxsga shafqat qilinmasligi, u albatta qatl qilinishi kerak. Ikkinchi yondashuv esa birinchisiga qarama-qarshi, ya’ni insonning yashash huquqi – bu uning tabiiy huquqi. Buni hech kim olib qo‘yishga haqqi yo‘q. Qatl qilish esa bu – qasos, “Al qasosul minal haq”, ya’ni qasos olish faqat Haqqa xos deyiladi.
Nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida huquqshunoslar o‘rtasida ham, aholi o‘rtasida ham bunday tortishuvlar bo‘lib kelgan. O‘lim jazosini Konstitutsiya darajasida taqiqlab qo‘yish bu millatning ulug‘ligidan, huquqiy madaniyati yuksakligidan dalolat beradi. Shuning barobarida bu islohot boshqalarda O‘zbekistondagi huquqiy tizim, qonunchilik tizimiga ijobiy munosabat shakllanishiga asos bo‘ladi.
Bobur Rasulov, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati:
— Inson o‘zining qilgan jinoyati, gunohi uchun osongina o‘lim topishi bu yaxshi emas. Jinoyatchi uchun peshonasidan otib o‘ldirilish osonmi yoki bir umr qamoqxonada jazoni o‘tashi, og‘ir ishlarda ishlatilishimi? Qaysi biri og‘irroq? Shuning uchun ham xorijda og‘ir jinoyat sodir etgan shaxslar ko‘pincha politsiyaga taslim bo‘lishni istamay o‘z joniga qasd qilganini ko‘ramiz, chunki qamoqqa tushib qiynalgandan shu osonroq deb o‘ylaydi.
O‘lim jazosiga loyiq jinoyat sodir etgan shaxslar yillab azob chekishi, vijdoni qiynalishi kerak, deb hisoblayman. Unga beriladigan jazo o‘lim jazosidan ham og‘irroq bo‘lishi, sodir etgan qilmishi uchun u umrining oxirigacha tavba qilib o‘tishi kerak, menimcha. O‘limga hukm qilinsa, u bulardan osongina qutuladi.
Qolaversa, yuqorida aytilganidek, sud va tergov tizimi ham xatolardan xoli emas. Nafaqat bizda, balki butun dunyoda uchraydi bu holat. Bundan 50-60 yil oldin 14 yashar o‘smir o‘lim jazosiga hukm qilinib, elektrstulda qatl etilgan. Lekin bunda oradan qanchadir yillar o‘tgandan so‘ng shu o‘smirning mutlaqo aybsiz bo‘lgani isbotlangan. Endi uni qaytarib bo‘ladimi? Yo‘q. O‘lim jazosi mana shunisi bilan ham xavfli. Nohaq qamalgan, jazolangan odamda umrining oxirigacha o‘zining aybsizligini isbotlash imkoni bo‘lishi kerak, deb bilaman.
Hayotda tuhmat degan narsa bor. Yolg‘on guvohlik berishlar bor. Tarixda aybsiz bo‘la turib o‘lim jazosiga hukm qilingan shaxslar juda ko‘p. Men keltirgan misolda qatl qilingan shaxs voyaga yetmagan o‘smir bo‘lgani uchun ham ushbu hodisa ko‘pchilikning yodida qolgan, jamoatchilik o‘rtasida shov-shuvga sabab bo‘lgan. Aslida yuzlab, minglab odamlar aybsiz aybdor sifatida qatl qilib yuborilgan va ularda o‘zlarini oqlash imkoni bo‘lmagan. O‘lim jazosi Konstitutsiya darajasida taqiqlanayotgani mana shunisi bilan muhim.
Bizning dinimizda, shuningdek, nasroniylik dinida ham insonga umrni Yaratgan berishi, bu ne’mat boshqa insonlar tomonidan tortib olinishi mumkin emasligi, hech kim birovning jonini olishga haqqi yo‘qligi ta’kidlanadi. Insonni qadrlash nuqtayi nazardan uning hayotiga boshqa odamlar tomonidan nuqta qo‘yilishi bu – xato.
Salomat Niyozova, yuridik fanlar doktori, professor:
— O‘lim jazosi berilishi oqibatida jinoyatchilik soni kamayadimi yoki ko‘payadimi? Mutaxassis sifatida aytib o‘tmoqchiman, shafqatsiz jazo tayinlash jinoyatchilik ko‘rsatkichlarining kamayishiga xizmat qilishini anglatmaydi. Aksincha, har qanday qonunbuzarlik, jinoyat uchun jazoning muqarrarligi ta’minlanishi va bunga ishonchning mavjudligi odamlarga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi.
2008 yilda respublikamizda o‘lim jazosi bekor bo‘ldi. Uning o‘rniga yengil jazolar tayinlangani yo‘q. Odamlar hozir jinoyatchilarga qattiq jazo berilmayapti deb o‘ylaydi, lekin o‘lim jazosining o‘rniga umrbod va uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Bu yengil jazolar emas.
Jamshid Niyozov tayyorladi.
Mavzuga oid
22:30 / 25.10.2024
Xitoyda 17 bolani o‘g‘irlab sotgan ayol o‘lim jazosiga hukm qilindi
17:18 / 11.10.2024
Xitoy Markaziy banki raisining sobiq o‘rinbosari pora olgani uchun o‘limga hukm qilindi
19:43 / 29.09.2024
Saudiya Arabistonida 2024 yilda qancha inson qatl etilgani ma’lum bo‘ldi
14:06 / 26.09.2024