Jahon | 08:47 / 17.08.2022
2494
4 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya rossiyaliklarga viza berishni keskin qisqartiradi

Sentabr oyidan Finlandiya hukumati rossiyaliklardan qabul qilinadigan barcha turdagi viza arizalarining kunlik sonini 1000 dan 500 tagacha qisqartiradi.

Pekka Haavisto / Foto: Getty Images

Joriy yilning sentabr oyidan Finlandiya Rossiya fuqarolariga beriladigan vizalar sonini keskin qisqartiradi, deb xabar qildi 16 avgust, seshanba kuni Yleisradio Oy (Yle) milliy teleradiokompaniyasi efirida mamlakat tashqi ishlar vaziri Pekka Haavisto.

Haavistoning so‘zlariga ko‘ra, yangi choralar Finlandiya qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritishni talab qilmaydi. Sayyohlik vizalarini berish vaqti, masalan, kuniga ma’lum kunlar yoki soatlar bilan cheklanadi, bu ularning sonini sezilarli darajada kamaytiradi, dedi vazir.

Finlyandiya TIV konsullik bo‘limi boshlig‘i Yussi Tannerning tushuntirishicha, hozirda har kuni rossiyaliklardan barcha turdagi vizalar uchun 1000 ga yaqin arizalar kelib tushmoqda. Sentyabrdan boshlab bu raqam 500 ta arizaga kamayadi, ulardan atigi 100 tasi turistik vizalar uchun bo‘ladi. Tannerning ta’kidlashicha, oila a’zolari hamda Finlandiyaga ishlash va o‘qish uchun kelganlarga ustunlik beriladi.

Finlandiya Rossiya bilan viza rejimini soddalashtirish bo‘yicha kelishuvning to‘xtatilishini qo‘llab-quvvatlaydi, dedi Peka Haavisto. Shu bilan birga, TIV rossiyaliklar uchun maxsus gumanitar vizalar joriy etish imkoniyatini o‘rganmoqda, bu jurnalistlar va fuqarolik faollarining Finlandiyaga ko‘chib o‘tishini osonlashtirishi mumkin, deb yozadi Yle.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avgust oyi boshida Rossiyaning o‘z mamlakatiga bostirib kirishi uchun sanksiyalar qo‘llashga chaqirganidan so‘ng, ruslarga Yevropa vizalarini berishni to‘liq taqiqlash zarurligi haqidagi muhokama qayta boshlandi. 

«Gap qaysi ruslar haqida ketmasin, ularni Rossiyaga qaytarib yuboring. Shunda ular tushunishadi. «Bu urushning bizga aloqasi yo‘q. Butun aholi javobgarlikka tortilishi mumkin emas, shunday emasmi?» deyishadi. Shu aholi mana shu hukumatni tanlagan va u bilan kurashmayapti, u bilan bahslashmayapti, unga baqirmayapti», — dedi Zelenskiy. 

Chexiya, Estoniya, Latviya va Litva hukumatlari ham qattiq cheklovlar tarafdori bo‘lib turibdi. Shengen vizalari berishni cheklash masalasi avgust oyi oxirida YeI kengashida muhokama qilinadi. 

Yevrokomissiya Yevroittifoq rossiyaliklarga turistik vizalar bermaslik to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkinmi, degan savoliga YeIning amaldagi qoidalari viza berishni butunlay to‘xtatishga imkon bermasligi bildirildi. «Har doim vizalar berilishi kerak bo‘lgan odamlar guruhlari bo‘ladi. Gap gumanitar holatlar, oila a’zolari, jurnalistlar va dissidentlar haqida ketmoqda», - deya aniqlik kiritdi Yevrokomissiya.

Germaniya kansleri Olaf Shols ham RF fuqarolariga viza berishni butunlay taqiqlashni qo‘llab-quvvatlamasligini aytib, siyosiy ta’qib tufayli mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan rossiyaliklar haqida eslatdi. «Biz qabul qilayotgan barcha qarorlarimiz ularning ozodlikka erishish va Rossiyadagi diktaturadan qutulish uchun mamlakatni tark etish jarayonini murakkablashtirmasligi kerak. Bu rus xalqining urushi emas, bu Putinning urushi», - dedi Shols. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid