Jahon | 16:59 / 18.08.2022
21113
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an urush boshlanganidan buyon ilk marta Ukrainaga bordi

Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an fevralda urush boshlanganidan buyon ilk marta Ukrainaga bordi. Turkiya yetakchisi Lviv shahrida ukrainalik hamkasbi Volodimir Zelenskiy va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazadi.

Foto: AP

Erdo‘g‘anga safar davomida mamlakat tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lu va mudofaa vaziri Xulusi Akar hamrohlik qilmoqda.

Erdo‘g‘anning korteji Lviv ko‘chalarida ko‘rinish bergan. Aynan shu yerda Erdo‘g‘an, Zelenskiy va Guterrish o‘rtasida uchrashuv o‘tkaziladi. Uchrashuvda BMT bosh kotibi Ukrainada vaqtincha o‘t ochish rejimini to‘xtatish tashabbusini bildirishi, Anqara esa asirlarni almashishda vositachilik taklif qilishi kutilmoqda.

Turk nashrlari Erdo‘g‘an Lvivdagi uchrashuvda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv tashkil etishni taklif qilishi haqida yozmoqda. CNN Turk nashri ma’lumotiga ko‘ra, avgust oyi boshidagi o‘zaro uchrashuvda Putin turkiyalik hamkasbiga Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorligiga ishora qilgan. Urush boshidan buyon Zelenskiy bir necha marta Putinga yakkama-yakka gaplashib olishni taklif qilgan, Rossiya tomoni esa bunday uchrashuv uchun asos yo‘qligini aytib keladi.

Erdo‘g‘an, Zelenskiy va Guterrish Zaporijjya AES atrofidagi keskinlik, ukrain doni ortilgan kemalarning Qora dengizda harakatlanishini ham muhokama qilishi kutilmoqda.

Avvalroq Turkiyaning «Baykar» kompaniyasi «Bayraktar» harbiy dronlarini Ukrainada ham ishlab chiqarishi, zavod 2023 yilda faoliyat boshlashi mumkinligi aytilgandi. Erdo‘g‘anga Ukrainaga tashrifi davomida Turkiya mudofaa vaziri hamrohlik qilayotgani OAVda «Bayraktar» bo‘yicha muzokaralar ham o‘tkazilishi haqida yozishga asos bo‘lgan.

Mavzuga oid