Jahon | 08:22 / 22.08.2022
11074
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada kansler Sholsning reytingi eng past darajaga tushib ketdi

Germaniya aholisining deyarli uchdan ikki qismi kansler va hukmron koalitsiya faoliyatidan norozi. Insa so‘roviga ko‘ra, faqat 25 foiz aholi Shols ishini qoniqarli deb hisoblaydi. 

Foto: Picture Alliance

Germaniyada kansler Olaf Shols va hukmron koalitsiya reytingi hukumatning dekabr oyida ish boshlaganidan beri eng past darajaga tushib ketdi. Bild am Sonntag haftalik nashri buyurtmasi bilan Insa sotsiologik instituti tomonidan o‘tkazilgan va 21 avgust, yakshanba kuni e’lon qilingan so‘rov natijalariga ko‘ra, nemislarning qariyb uchdan ikki qismi – 62 foizi Shols faoliyatidan norozi, atigi 25 foizi esa uning natijalaridan qoniqish hosil qilgan. 

Hukmron koalitsiyaning reytingi ham rekord darajaga tushib ketdi. Federal hukumat ishidan hozirda so‘ralganlarning 65 foizi norozi va faqat 27 foizi uni ma’qullaydi. Mart oyi boshida Sholsning ishi nemislarning 46 foizi tomonidan ma’qullangan, 39 foizi ma’qullamagan. O‘shanda hukmron koalitsiya ishi nemislarning 44 foizi tomonidan ijobiy baholangan, 43 foizi esa uni ma’qullamagan. 

So‘rovdan ma’lum bo‘lishicha, kansler to‘g‘ridan to‘g‘ri saylangan taqdirda, Olaf Shols hozir 18 foiz ovoz to‘plab, faqat uchinchi o‘rinni egallagan, birinchi o‘rin 25 foiz bilan «yashil» iqtisodiyot vaziri Robert Xabekka, ikkinchi o‘rin esa 19 foiz ovoz bilan Xristian-demokratik ittifoq raisi Fridrix Mersga nasib etgan bo‘lardi.

Haftalik so‘rov natijalariga ko‘ra, xristian partiyalar bloki o‘z pozitsiyalarini biroz mustahkamladi, hozir uni nemislarning 28 foizi qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu shuni anglatadiki, XDS/XSS hozir reytingi bir hafta ichida bir foizga pasayib, 21 foizga tushgan «yashillar» partiyasidan yetti foiz oldinda. 

Sotsial-demokratlar reytingi o‘zgarmadi (19 foiz), erkin demokratlar bir foizga pasayib, 8 foizga yetdi. Bu koalitsiyaga kiruvchi partiyalar hozirgi kunda atigi 48 foiz ovoz olishini anglatadi. «Germaniya uchun alternativ» (12 foiz) va So‘l partiya (8 foiz) reytinglari o‘zgarishsiz qoldi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid