Jahon | 20:04 / 22.08.2022
16935
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya federal xavfsizlik xizmati Duginaning qotili aniqlanganini ma’lum qildi

Rossiya maxsus xizmatining bildirishicha, jinoyatni Ukraina fuqarosi Natalya Vovk amalga oshirgan. Go‘yoki u 23 iyul kuni voyaga yetmagan qizi bilan Rossiyaga kelgan va qotillikni amalga oshirganidan so‘ng Estoniyaga chiqib ketgan.

Foto: RIA Novosti

Rossiya federal xavfsizlik xizmati (FXX) rossiyalik mafkurachi Aleksandr Duginning qizi jurnalist Darya Duginaning o‘ldirilishi bilan bog‘liq ish fosh qilinganini bildirdi

«Jinoyat Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan tayyorlangan va amalga oshirilgan», - deyiladi FXX jamoatchilik bilan aloqalar markazi xabarida. 

Rossiya maxsus xizmatining ta’kidlashicha, jinoyatni Ukraina fuqarosi Natalya Vovk amalga oshirgan. Go‘yoki u 23 iyul kuni voyaga yetmagan qizi bilan Rossiyaga kelgan va qotillikni amalga oshirganidan so‘ng Pskov oblasti orqali Estoniyaga chiqib ketgan.

Vovk Dugina haqida ma’lumot yig‘ish va uni o‘ldirishga tayyorgarlik ko‘rish uchun jurnalist qiz yashagan ko‘pqavatli uyga joylashgan, deyiladi FXX xabarida. U go‘yoki Rossiyaga "DXR" davlat raqami bo‘lgan avtomobilda kirgan, Rossiyani Ukraina davlat raqami yopishtirilgan mashinada tark etgan. 

Avvalroq Kiyev Ukrainaning ushbu jinoyatga aloqadorligini rad etgandi.

«Ta’kidlayman, albatta, Ukrainaning bunga hech qanday aloqasi yo‘q», — degandi Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak.

Dugina 20 avgust kuni kechqurun Moskva viloyatida avtomobili portlashi oqibatida vafot etdi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobilning haydovchi tomon ostiga portlovchi moslama o‘rnatilgan. Voqea bo‘yicha Tergov qo‘mitasi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (umumjamiyat uchun xavfli tarzda sodir etilgan qotillik) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Aleksandr Dugin va uning qizi Darya Moskva viloyatining Zaxarovo qishlog‘idagi «Traditsiya» festivaliga borishgan. Ular Moskvaga birga qaytishni rejalashtirishgan, ammo so‘nggi lahzada Dugin boshqa avtomobilga o‘tirgan. Bu esa uning hayotini saqlab qolgan. Festivaldan qaytishda Darya halok bo‘lgan.

Tergov qo‘mitasi Duginaning o‘ldirilishi buyurtma asosida bajarilgan deb hisoblamoqda. Katta ehtimol bilan asosiy nishon Darya emas, balki uning otasi bo‘lgan.

Aleksandr Dugin faylasuf va konservativ publitsist, «Rus dunyosi» va neoyevrosiyo mafkurasining targ‘ibotchilaridan biri sifatida tanilgan. U Rossiyaning qo‘shni davlatlar ustidan hukmronlik qilishi kerakligi, AQSh va NATO ta’siriga qarshi turishi lozimligi haqidagi g‘oyalar tarafdori hisoblanadi. Dugin ko‘p yillar davomida Moskvani jahon sahnasida yanada tajovuzkor bo‘lishga chaqirib kelgan.

G‘arb ommaviy axborot vositalari uni zamonaviy Rossiyaning asosiy mafkurachilaridan biri, unga Vladimir Putin, Kreml rasmiylari va ko‘plab amaldorlar quloq soladi deb hisoblaydi.

Mavzuga oid