Jahon | 09:11 / 24.08.2022
4626
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Zaporijjya AESga ekspertlarni to‘siqsiz kiritishni talab qildi

BMT Ukrainada AEXA missiyasi ZAESga yuborilsa, uni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur resurslarga ega, deya ma’lum qildi BMT bosh kotibi o‘rinbosari Rozmari Dikarlo.

Foto: Reuters

Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) Moskva va Kiyevdan yana Zaporijjya atom elektr stansiyasiga ekspertlar missiyasini kiritish uchun imkon taqdim etishni so‘radi. «Biz tomonlarni yana bir bor missiyani (Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik, AEXA missiyasini) obektga zudlik bilan, xavfsiz va to‘siqlarsiz kiritishni ta’minlashga chaqiramiz», dedi 23 avgust, seshanba kuni BMT bosh kotibining o‘rinbosari siyosiy va tinchlik o‘rnatish masalalari bo‘yicha Rozmari Dikarlo Nyu-Yorkda BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida. 

Rossiya tomonidan bosib olingan AESga bunday missiyani kiritishga tayyorgarlik davom etmoqda – Kiyev ham, Moskva ham bunga rozi bo‘lishi kerak, deya qo‘shimcha qildi Dikarlo. Ayni paytda, Zaporijjya AESda xavfsizlik holati yomonlashmoqda. 

«Afsuski, ko‘plab chaqiriqlarga qaramay, vaziyatni yumshatish o‘rniga, biz deyarli har kuni stansiyadan xavotirli hodisalar haqida xabarlar olishda davom etmoqdamiz. Agar bunday hodisalar davom etsa yoki yomonlashsa, biz falokatga duch kelishimiz mumkin», - deya ogohlantirdi Dikarlo BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida. 

Birlashgan millatlar tashkiloti Ukrainada AEXA missiyasi Zaporijjya atom elektr stansiyasiga yuborilsa, uni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur resurslarga ega, dedi BMT bosh kotibi o‘rinbosari. 

«AEXA bilan aloqada bo‘lgan holda, biz, o‘z navbatida, Ukrainada Kiyev orqali ushbu atom elektr stansiyasiga AEXAning navbatdagi missiyasini yuborish hamda uni qo‘llab-quvvatlash uchun logistika va boshqa imkoniyatlarga ega ekanligimizni hisoblab chiqdik», dedi u BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida. 

Shu bilan birga, Rossiya va Ukraina bir-birini AESni o‘qqa tutishda ayblashdan to‘xtamayapti. 

Mavzuga oid