UzAuto Motors sun’iy defitsit yaratib, Spark'larni “tuzlab” qo‘yganmidi?
UzAuto Motors bir necha hafta davomida hech qanday izohsiz Spark avtomobili sotuvini to‘xtatib qo‘ygan edi. Ko‘p o‘tmay minglab Spark'lar omborda taxlanib yotgani ma’lum bo‘ldi. Bu orada kompaniya eksport modelini ichki bozorga sotyapmiz deya narxni oshirdi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov monopol kompaniya Spark'ni qimmatroq sotish uchun yashirib “tuzlagan” bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. U Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasini holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.
23 avgust kuni internetda Angren shahridagi yuk terminalida yuzlab Spark avtomobillari turgani aks etgan surat tarqalgan edi. Kompaniya bu boradagi izohida bu mashinalar “allaqachon mijozlar tomonidan shartnoma tuzilgan va keyinchalik mijozga yetkazib berish uchun Angren shahriga yetkazilgan” avtomobillar ekanini ta’kidladi.
Otabek Bakirovning fikricha, bu bayonot yolg‘on. Chunki 20 avgust tong saxar holatiga Spark avtomobili bo‘yicha kontraktatsiya yo‘qligi uchun 50 foiz pulini oldindan to‘lab qo‘yganlar va avtomashina bo‘yicha navbatda turganlar ham bo‘lmagan. UzAuto Motors shu kundan boshlab Spark va Nexia sotuvini tiklagan edi.
Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, monopolist “sun’iy defitsit yaratish va keyin narxlarni oshirish usulidan birinchi marta foydalanmayapti”. Xususan, 2016 yilgacha bo‘lgan davrda ham shunday holatlar ro‘y bergan.
“Esingizda bo‘lsa, shu yil qishda yo‘q bo‘lib qolgan Nexia-3 narxlar oshirilgandan keyin mart oyi o‘rtalaridan birdan salonlarda paydo bo‘lib qoldi”, – deya yozdi Bakirov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Spark va Nexia-3 ishlab chiqarish shu yil oxirida to‘xtatiladi. Kompaniya o‘z ixtiyorida qolgan butlovchi qismlardan foydalangan holda, bu modellarning turli konfiguratsiyalardagi so‘nggi partiyalarini cheklangan miqdorda ishlab chiqarishini bildirgan.
Shuningdek, eksport uchun mo‘ljallab chiqarilgan mashinalarning bir qismi ichki bozorga yo‘naltirilishi aytildi va avtomobillar narxi bir necha million so‘mga oshirildi.
Mavzuga oid
07:35
Minor masjidi qarshisida Spark va Captiva to‘qnashdi
20:33 / 13.11.2024
«O‘zbekiston temiryo‘llari» 1 dekabrdan yuk tashish tariflarini 30 foizga oshiradi
08:08 / 07.11.2024
Monopoliyaga qarshi organ roziligisiz davlat ishtirokidagi korxona tashkil etilgan 4 ta holat aniqlandi
18:27 / 31.10.2024