O‘zbekiston | 17:31 / 29.08.2022
22518
4 daqiqa o‘qiladi

Milliy bog‘ qaytarildi, lekin undagi ayrim daraxtlar qurib qolgan

Naq 5 yil davomida yopiq bo‘lgan va hududiga ko‘plab binolar qurib yuborilgan O‘zbekiston Milliy bog‘i qayta ochildi. Bog‘ga borgan Kun.uz muxbiri u yerdagi qator katta daraxtlarga shikast yetkazilganiga guvoh bo‘ldi. Ayrim daraxtlar esa qurib qolgan. Shahar ekoboshqarmasi bog‘dagi daraxtlarga zarar yetkazilganini tasdiqladi, lekin ko‘p o‘tmay bu haqdagi xabarini o‘chirib yubordi.

Foto: KUN.UZ

27 avgust kuni O‘zbekiston Milliy bog‘i rekonstruksiyadan keyin aholi uchun qayta ochildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bog‘ning ta’mirlangan va aholi uchun topshirilgan qismi 14 gektardan ziyodni tashkil qiladi. Unda ma’muriy bino, restoranlar qurilib, ko‘priklar va yo‘laklar yangilangan.

Bog‘ hududidagi ko‘l tiklangan. Ayni paytda uning maydoni 40 ming kvadrat metr ekani ma’lum qilindi.

“Suv sizib chiqmasligi va loyqalanmasligi uchun ko‘l tubiga maxsus qoplamalar yotqizilgan. Qirg‘oqlar tartibga keltirilib, cho‘milish havzasi tashkil etildi. Mingdan ziyod daraxt, 200 mingga yaqin buta ko‘chatlari ekildi”, – deya ma’lumot berilgan prezident matbuot xizmati xabarida.

Bog‘ni aylanib chiqqan Kun.uz muxbiri yashil va so‘lim go‘sha nihoyat aholi ixtiyoriga qisman qaytarilganini e’tirof etish bilan birga, ayrim e’tirozli jihatlarga e’tibor qaratdi.

Avvalo, tiklangan ko‘l avvalgi ko‘ldan sezilarli kichkina va sayoz.

Qolaversa, bog‘ hududidagi ayrim daraxtlar qurib qolgan. Ular orasida ko‘p yillik daraxtlar ham bor. Bunga bog‘ ta’mirda bo‘lgan 5 yil davomida hududda olib borilgan qurilishlar, sug‘orish tizimining ishlamagani yoki qandaydir boshqa turli sun’iy ta’sirlar sabab bo‘lishi mumkin.

Ayrim daraxtlarga esa qurilishlarda qatnashgan texnika vositalari bilan turli darajada shikast yetkazilgan. Buni biz bilan suhbatda Milliy bog‘ agronomi Abror Tolliyev ham tasdiqladi.

“Tan olamiz, bog‘dagi daraxtlarga qurilish ishlari davomida ishlayotgan texnikalar, ekskavatorlar tomonidan turli darajada shikast yetkazilgan. Jumladan, bog‘ning kirish tomonida 12 ta, o‘rtada 4 ta va bog‘ning boshrog‘ida 6 tup daraxtga shikast yetgan”, – dedi agronom.

Ammo bog‘ hududidagi haqiqiy holatda qurib qolgan va shikast yetkazilgan daraxtlar soni bundan ancha ko‘p. Yana qator daraxtlarning shoxlari esa zaruratsiz ham kesilib, kallaklab tashlanganini ko‘rish mumkin.

Bugun, 29 avgust kuni Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi ishchi guruhi daraxtlar qisman zararlanganini tasdiqladi. “Bog‘ning mas’ul rahbarlariga zudlik bilan agrotexnik tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi”, deyiladi boshqarma xabarida.

Poytaxt ekoboshqarmasi rasmlar bilan birga e’lon qilgan bu rasmiy xabarini noma’lum sabablarga ko‘ra ko‘p o‘tmay o‘chirib tashladi. Xabarda bu holat bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgani aytilgandi.

Kun.uz sohaga mas’ul organlarni Milliy bog‘ hududida zudlik bilan o‘rganish o‘tkazishga, jarayonga xolis agronomlarni jalb qilib, xulosa olishga chaqiradi.

Shuningdek, hozirda agrotexnik tadbirlar o‘tkazish orqali saqlab qolish mumkin bo‘lgan daraxtlarga shoshilinch yordam ko‘rsatilishi kerak. Milliy bog‘dagi holat Chilonzor ko‘chasidagi daraxtkushlik voqeasidan ham jiddiyroq bo‘lishi mumkin.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Ilyos Safarov,
Kun.uz

Mavzuga oid