O‘zbekiston | 11:51 / 29.08.2022
26376
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yaxshi yashash uchun qancha mablag‘ kerak?

Numbeo global ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, Toshkentda 4 kishilik oilaning bir oy farovon yashashi uchun 15 mln so‘m, bir kishi uchun esa 4 mln so‘mdan ko‘proq mablag‘ kerak bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

Dunyoning eng yirik onlayn ma’lumotlar bazasidan biri – Numbeo O‘zbekistonda qancha mablag‘ evaziga farovon yashash mumkinligini ma’lum qildi. Onlayn bazaning taxminiy hisoblashlariga ko‘ra, respublikada 4 kishi bo‘lib yashaydigan oilalar ijara to‘lamasdan oyiga 1 431,42 dollar (15 mln 645 ming 420,6 so‘m) sarflab yaxshi yashashi mumkin. Bir kishi uchun bu narx 394,10 dollar (4 mln 307 ming 513 so‘m)ga aylanmoqda.

Qayd etilishicha, xarajatlarning 36,6 foizi do‘konlardan turli mahsulotlarni sotib olish, 25,3 foizi har oylik ijara, 14 foizi restoranlarda ovqatlanish, 10,1 foizi transport, 8,1 foizi esa sport va bo‘sh vaqtdagi mashg‘ulotlar uchun sarflanadi.

Shuningdek, statistikada maishiy xizmatlar hamda kiyim-kechaklarga qancha ishlatilishi ham keltirilgan. Unga ko‘ra, o‘zbekistonliklar suv, gaz, elektr toki va chiqindilar uchun 24,29 dollardan 70 dollargacha (265 ming 487,7 so‘mdan 765 ming 100 so‘mgacha) to‘laydi.

Shuningdek, Numbeo ma’lumotlar bazasi 106 ta mamlakatning har oylik sof ish haqi bo‘yicha ham bir qancha raqamlarni keltirgan. Unga ko‘ra, soliqlarni hisobga olmaganda O‘zbekiston fuqarolari har oy o‘rtacha 283,52 dollar (3 mln 98 ming 873,6 so‘m) maosh oladi.

Shunga muvofiq, O‘zbekiston 106 ta mamlakat ichida 95-o‘rinni egallab turibdi.

Xalqaro reytingning TOP-3ligiga Shveytsariya, Singapur hamda Avstraliya kirgan. Shu bilan birga, Rossiya 47-o‘rin, Qozog‘iston 78-o‘rin, Ozarboyjon esa 89-o‘rinni qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yili Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekistondagi nominal ish haqi qanchaligini e’lon qilgan edi.

Mavzuga oid