O‘zbekiston | 19:10 / 31.08.2022
29800
3 daqiqa o‘qiladi

Baxtiyor Saidov o‘qituvchilar toifasi masalasida izoh berdi

Xalq ta’limi vazirining Kun.uz'ga aytishicha, 15 yillik uzluksiz staji bo‘lgani uchun shu yil bahordagi attestatsiyada qatnashmagan oliy toifali o‘qituvchilarning toifasi umrbod saqlanib qoladi.

Foto: Facebook / BaxtiyorOdilovichSaidov

Xalq ta’limi vazirligi 15 yildan ortiq mehnat stajiga ega oliy toifali pedagoglar hukumat qaroridagi o‘zgarish sabab malaka toifasini yo‘qotayotganini rad etdi.

Vazir Baxtiyor Saidovning Kun.uz'ga aytishicha, bu boradagi o‘zgarish noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.

“Ustozlarning xavotirga o‘rin yo‘qligiga e’tiborlarini qaratmoqchiman.

Xalq ta’limi vaziri sifatida shuni alohida ta’kidlab o‘tamanki, joriy yil mart-may oylarida malaka toifasi olish uchun o‘tkazilgan attestatsiya davrida amalda bo‘lgan tartibga asosan, 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan oliy malaka toifaga ega pedagoglarning attestatsiyadan o‘tishi majburiy bo‘lmagan va ularning oliy toifa malakasi umrbod saqlab qolinadi.

Shuningdek, albatta, ushbu toifadagi pedagog xodimlarimizning oylik ish haqlari oliy malaka toifaga tegishli lavozim okladidan to‘lanadi”, – dedi XTV rahbari.

Vazirlik e’lon qilgan press-relizda normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emasligi ta’kidlangan.

“Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgustdagi 425-sonli qarori bilan Hukumatning 2021 yil 17 sentabrdagi 572-sonli qaroriga kiritilgan tegishli o‘zgartirishga ko‘ra, oliy malaka toifa (bosh o‘qituvchi lavozimi)ga ega bo‘lganidan so‘ng oliy malaka toifani 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmasligi belgilangan.

Joriy yil mart-may oylarida malaka toifasi olish uchun o‘tkazilgan attestatsiya davrida amalda bo‘lgan tartibga asosan, 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan oliy malaka toifaga ega pedagoglarning attestatsiyadan o‘tishi majburiy bo‘lmagan va ularning oliy toifa malakasi umrbod saqlab qolinishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonuniga asosan, normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emasligi belgilanganligi munosabati bilan, 2022 yil mart-may oylarida o‘tkazilgan attestatsiya davrida 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan oliy malaka toifali o‘qituvchilarning mavjud toifalari umrbod saqlanib qolishini ma’lum qilamiz”, – deyiladi vazirlik axborotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgustdagi 425-son qarori bilan belgilangan, oliy toifa olganidan keyin bu toifani 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega o‘qituvchilarni navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etmaslik tartibi 2022 yil 2 avgustdan boshlab kuchga kiradi.

Mavzuga oid