Jahon | 08:08 / 02.09.2022
12120
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Ukrainaning Donbass bo‘yicha uch tomonlama guruhdagi ishtirokini to‘xtatdi

Ukraina delegatsiyasining mamlakat sharqidagi vaziyatni hal qilish bo‘yicha Uch tomonlama aloqa guruhi (UAG)da ishtirok etishi haqidagi farmon o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.

Foto: Reuters

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina delegatsiyasining mamlakat sharqidagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha Uch tomonlama aloqa guruhi (UAG)da ishtirok etishi haqidagi farmonni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topdi. Tegishli farmoyish 1 sentabr, payshanba kuni Ukraina davlati rahbarining internetdagi rasmiy vakolatxonasi saytida e’lon qilindi. 

Shu tariqa, 2020 yil 5 maydagi 167-son farmon va unga kiritilgan bir qator keyingi o‘zgartirishlar (jami - yettita farmon) bekor qilindi. 

UAG 2014 yilning yozida, shu jumladan «Normand» formatida (Germaniya, Fransiya, Rossiya, Ukraina) qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish uchun tuzilgan. Donbass bo‘yicha guruhdagi Rossiya vakillari urush boshlanishi arafasida 18 fevralga belgilangan navbatdan tashqari yig‘ilishda qatnashishdan bosh tortdi. 

Ukrainaning birinchi prezidenti Leonid Kravchuk Kiyev nomidan formatni 2020 yil iyulidan 2022 yil fevraligacha boshqargan. Guruh tarkibiga Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Rossiya va Ukraina vakillari kirgan. UAG doirasida, xususan, 2020 yil iyul oyida to‘liq va keng qamrovli o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Kravchuk may oyida uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng 88 yoshida vafot etdi. U 1991-1994 yillarda Ukrainani boshqargan. 

Mavzuga oid