Jahon | 21:44 / 05.09.2022
40452
8 daqiqa o‘qiladi

Ukrainlarning Xerson yaqinida hujumga o‘tishi: Voqealar qanday rivojlanmoqda?

Frontdagi vaziyat haqida ma’lumot juda kam, lekin qandaydir xulosalarga kelish mumkin.

Mikolayiv oblastidagi harbiy harakatlar / Dimitar Dilkoff / AFP / Scanpix

Ukrainlarning Mikolayiv va Xerson oblastlari chegarasida 29 avgust kuni boshlangan yurishlari bir necha kun o‘tib deyarli to‘xtab qoldi. Bu Ukraina qurolli kuchlari amaliyotining yakuni emas, balki dastlabki hujumlarda katta yo‘qotishlar berilgani va rossiyaliklar mudofaasi yorib o‘tilmagani tufayli olingan operativ tanaffus ekani haqiqatga yaqinroq. Ukraina qo‘mondonligi Xerson yo‘nalishida muhim ustunlikka ega, rossiyaliklar buni yo‘qqa chiqarishi juda qiyin: RF armiyasida Dnepr daryosi orqali uch ko‘prik va bir qancha parom orqali o‘tish yo‘llaridan ta’minotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ulkan muammolar yuzaga kelgan, bu yo‘nalishlar doimiy ravishda ukrainlarning raketa zarbalariga uchramoqda.

Armiyaning ilk yirik hujum amaliyoti nega Ukraina uchun katta yo‘qotishlarga olib keldi?

  • Ukraina qo‘shini (katta ehtimol bilan, yangi tuzilgan va bungacha mamlakat g‘arbidagi hududlarda ta’tilda bo‘lgan brigadalardan iborat) 29 avgust kuni Dneprning o‘ng sohilida Qora dengizdan Dnepropetrovsk oblasti chegarasiga qadar bo‘lgan butun front chizig‘i bo‘ylab hujumga o‘tdi.
  • So‘nggi haftalarda bu yo‘nalishda uzoq muddatli sukunat kuzatilgan, asosiy harbiy harakatlar uzoq masofaga otuvchi artilleriya zarbalari va front ortidagi obektlarga raketa zarbalari yo‘llash shaklida kechgandi. Faqat ukrainlar qarshi hujumi boshlanishi arafasida qo‘shimcha kuchlar yetib kelishi tufayli rossiyalik harbiylar Mikolayiv oblastidagi Blahodatnoye (sobiq Komsomolskoye) qishlog‘iga hujum uyushtirgan va uni egallagan. Bu orqali rossiyaliklarning Ingulets daryosi bo‘yidagi muhim platsdarmi (markazi Snigirevka shahrida) kengaydi.
  • Istiqbolda bu platsdarmdan Rossiya qo‘shinlari Mikolayivga hujum qilishi mumkin edi. Ammo ukrainlar keng ko‘lamli hujumga o‘tish orqali nafaqat Inguletsdagi mazkur xavfli platsdarmni yo‘q qilishni, balki Rossiyaning Dneprning o‘ng sohilidagi butun guruhini tor-mor etishni maqsad qilgan.

Hujum bir vaqtning o‘zida oltita yo‘nalishda boshlandi: 

  • Qora dengiz sohilidagi Aleksandrovka hududida; 
  • Posad-Pokrovsk (Ukraina qurolli kuchlari nazoratida) va Kiselevka (RF qurolli kuchlari nazoratida) hududlari oralig‘ida;
  • Rossiyalik harbiylarning Ingulets daryosi bo‘yidagi platsdarmi va yaqinda egallab olingan Blahodatnoye qishlog‘i hududida;
  • Ukrain harbiylari Ingulets daryosi orqali Andrivka va Lozove hududida barpo etgan o‘tish yo‘li orqali (Davidiv Brid qishlog‘idan janubda);
  • Rossiya qo‘shinlari tomonidan ushlab turilgan Visokopilya va Olgino hududidagi tepaliklarda;
  • Krivoy Rog tomondan Dnepr daryosi sohili bo‘ylab.

Bu yo‘nalishlarning aksarida ukrain harbiylari atigi bir necha kilometrga ilgarilay olishdi, Rossiya artilleriyasi va aviatsiya zarbalari tufayli katta yo‘qotishlarga uchradi (bu dronlar orqali va quruqlikda olingan videolarda aks etgan). Shu bilan birga, Rossiya tomoni yo‘qotishlari haqida ma’lumotlar yo‘q: Ukraina qo‘mondonligi ma’lumotlar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatgan va oldingi chiziqda olingan videolar va frontdagi jurnalistlarning ishlarini e’lon qilishni taqiqlagan. Katta ehtimol bilan bu, yo‘qotishlar balansini buzib ko‘rsatadi.

Shunisi aniqki: ilk yirik yurishni boshlagan Ukraina armiyasi endilikda o‘tgan oylar davomida ukrain pozitsiyalariga hujum qilib kelgan va artilleriya hamda zarbalarni yo‘naltirish vazifasini bajargan dronlar qurboniga aylangan Rossiya harbiy qismlari holatiga tushgan.

Ukraina texnikalari (kamida 10 ta tank, 10 dan ortiq boshqa texnikalar) ham piyodalar (videolarning katta qismi sifatsizligi tufayli qurbonlar sonini hisoblab bo‘lmaydi) yakson etilgani aks etgan va endilikda «imperiyachi» telegram-kanallarda tarqalgan videolar Rossiya dronlari tomonidan tasvirga olingan. Karpatortida 128-brigada jangchilari yurishi vaqtida halok bo‘lganlar uchun motam e’lon qilingani ham Ukrainaning yo‘qotishlari kattaligini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, jang maydonlari ustida RF havo-kosmik kuchlari qiruvchilari va bombardimonchi samolyotlari paydo bo‘lgan (bu so‘nggi oylardagi janglarda kuzatilmagan holat) va bu ham yurish qilayotganlarning vazifasini qiyinlashtirgan.

Yo‘nalishlardan faqat bittasida katta masofaga yorib o‘tilgan: Inguletsni Andreyevka va Lozove oralig‘ida kechib o‘tgan ukrain qo‘shini 5-6 kilometr masofaga ilgarilagan (Rossiya tomoni xabariga ko‘ra, bu hudud mudofaasida bo‘lgan «DXR»da safarbar qilingan kuchlar o‘z pozitsiyalarini tark etgan). Suxi Stavok qishlog‘ini egallagan ukrain kuchlari 31 avgust kuni Davidiv Brid garnizonini asosiy kuchlardan kesib qo‘yishga urindi, ammo RF havo-desant qo‘shinlari zaxiralari yetib kelishi bilan bu urinish to‘xtatildi. Rossiyaparast telegram-kanallar xabar berishicha (hozircha boshqa ma’lumot manbayi yo‘q), shundan keyin ukrainlarning hujumi to‘xtab qolgan.

Bu ukrainlar yurishi barbod bo‘lganini anglatadimi?

Hozircha muvaffaqiyatsizlik haqida aytishga erta. Ukraina armiyasi Dneprning o‘ng sohilida jang maydonidagi sezilarli g‘alabalarsiz ham muvaffaqiyatga (rossiyaliklar guruhini taslim bo‘lishga majbur qilish orqali) erishish imkoniga ega. Rossiya qo‘mondonligi so‘nggi haftalarda Dnepr ortidagi 15–20 ming kishilik qo‘shinni ta’minlashda qiynalmoqda. Ochiq dashtlardagi yuzma-yuz janglar bilan bir vaqtda rossiyaliklarning havo hujumidan mudofaa qismlari (raketa zarbalarini qaytarish uchun ko‘p hollarda behuda urinmoqda) va muhandislik bo‘linmalari (ko‘priklarni tiklash va daryodan kechuvlarni tashkil etishga harakat qilmoqda) ukrainlarning HIMARS tizimlariga ega raketa kuchlariga qarshi turishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Butun jang natijasi daryodan o‘tish yo‘llari uchun kurash natijasiga bog‘liq — bu kurash Mikolayiv va Xerson oralig‘idagi dashtlarda kechayotgan janglardan ko‘ra ahamiyatliroq. Ukraina qo‘mondonligi dushman kelgusida Dnepr ortidagi platsdarmlarni ushlab turish juda qimmatga tushishi tufayli navbatdagi «ezgu niyat qadami» tashlagan holda, qo‘shinlarini olib ketishga qaror qilishini kutmoqda.

Katta ishonch bilan aytish mumkinki, Rossiya qo‘mondonligi platsdarmni ushlab turish foydasiz deb hisoblashi uchun juda katta sabab talab etiladi: platsdarmda Xerson joylashgan — bu Rossiya armiyasi tomonidan urushning ilk davrida, 2022 yil fevralida egallab olingan Ukrainaning yagona oblast markazidir.

Bundan tashqari, platsdarm nazariy jihatdan Rossiya armiyasi uchun Mikolayiv va Odessaga yurish qilish imkoniyatini qoldiradi. Agar u boy berilsa, RF qurolli kuchlari yana qachondir Dneprni kechib o‘tishi dargumon, bu shu vaqtga qadar bir necha bor urushning asosiy maqsadlaridan biri sifatida aytilgan Ukraina janubi-g‘arbini egallash imkoniyatini yo‘qotish bo‘ladi.

Mavzuga oid