Sport | 21:33 / 09.09.2022
24480
3 daqiqa o‘qiladi

Boks Los-Anjyeles 2028 olimpiadasi dasturiga kiritilmadi

2028 yilda Los-Anjyeles shahrida o‘tkaziladigan yozgi olimpiya o‘yinlarida katta ehtimol bilan boks bo‘lmaydi. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) hozircha uni dasturga kiritmadi.

Foto: Getty Images

Ushbu sport turi tarixi inobatga olinadigan bo‘lsa, bu misli ko‘rilmagan yangilik. Boks birinchi marta 1904 yilgi Sent-Luis olimpiadasi dasturiga kiritilgan edi. Shundan beri Olimpiada kun tartibining ajralmas qismiga aylandi (1912 yilgi Stokholm olimpiadasidan tashqari).

2022 yilga kelib, XOQ shov-shuvli qarorni tasdiqlashga yaqin turibdi.

«Hozircha boks 2028 yilda Los-Anjyelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarining dasturiga kiritilmagan. Haqiqiy o‘zgarishlar yo‘qligini inobatga olib, XOQ Ijro kengashi bu qarorni bekor qilishga ojiz va IBA faoliyatini jiddiy tashvish bilan kuzatishda davom etadi», deyiladi XOQ sport direktori Kit Makdonnelning Havaskor boks assotsiatsiyasi (IBA) rahbari Umar Kremlyov nomiga yozgan xatida.

XOQ boksni olimpiada dasturidan olib tashlashga birinchi marta urinayotgani yo‘q. O‘tmishda AIBA nomi bilan mashhur bo‘lgan tashkilot eng korrupsiyalashgan sport federatsiyalaridan biri edi. Shubhali hakamlik, ochkolarni hisoblash tizimi shaffof emasligi va katta turnirlardagi hakamlik bilan bog‘liq janjallar oqibatida XOQ federatsiya rahbariyatini tanqid qilib kelayotgan edi. 

2019 yilda XOQ boksni olimpiada dasturidan olib tashlamoqchi bo‘ldi. Biroq, Umar Kremlyovning federatsiya rahbarligiga saylanishi va 10 million dollar miqdoridagi qarzdorlikning bartaraf etilishi tufayli, bu qaror kechiktirildi.

Umar Kremlyov 2020 yil dekabr oyidan beri IBA rahbari bo‘lib ishlamoqda. Oldin u Rossiya boks federatsiyasiga raislik qilgan. Kremlyov IBA prezidenti bo‘lgach, yangi Nizomni qabul qildi, yangi qo‘mitalarni tuzdi, vazn toifalari sonini erkaklar uchun 13 taga, ayollar uchun 12 taga yetkazdi, jahon chempionati mukofot jamg‘armasini ko‘paytirdi, milliy federatsiyalarga moliyaviy yordam dasturini amalga oshirdi.

Biroq, XOQ Kremlyovning Olimpiya qo‘mitasi tavsiyalarini inobatga olmasdan turib, islohot o‘tkazayotganidan qoniqmadi. Bundan tashqari, federatsiyaning sanksiyalar ostida qolgan «Gazprom»ga moliyaviy qaramligi, havaskor boks boshqaruv markazining Lozannadan Moskvaga ko‘chirilayotgani ham olimpiya mulozimlari noroziligiga sabab bo‘lgan.

Qo‘shimchasiga, shu yilning may oyida IBA yangi prezidenti saylovi bo‘lib o‘tishi kerak edi. Ammo Kremlyovning yagona raqibi Boris van der Vurst saylovdan chetlashtirildi. Oqibatda XOQ «sabr kosasi to‘ldi».

Boks olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritilishiga hali umid bor. Lekin kun sayin u tobora zaiflashib bormoqda. Tashkilotchilar sport arenalari qurish bo‘yicha ish boshlashi, homiylarni jalb qilishi uchun olimpiada dasturining tasdiqlangan variantiga tezroq ega bo‘lishi lozim. Hozircha undan boks joy olmagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid