O‘zbekiston | 11:58 / 10.09.2022
16249
2 daqiqa o‘qiladi

Chilonzorda kesilgan 58 tup daraxt ishi bo‘yicha 3 kishi ushlandi

Tabiatga yetkazilgan 797,7 mln so‘m zarar quruvchi tashkilot rahbari tomonidan to‘liq qoplangan, jinoyat ishi doirasida 3 nafar gumonlanuvchi shaxs ushlangan.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi hududda quruvchi tashkilot tomonidan 58 tup har xil turdagi daraxtlar qonunga xilof ravishda kesib yuborilgandi.

Bosh prokuratura e’lon qilgan xabarda aytilishicha, ro‘y bergan voqea oqibatida tabiatga yetkazilgan 797,7 mln so‘m zarar quruvchi tashkilot rahbari tomonidan to‘liq qoplangan.

Shuningdek,  qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 3 nafar gumonlanuvchi shaxslar Jinoyat-protsessual kodeks 221-moddasi tartibida ushlangan.

7 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Chilonzor tumani Chilonzor ko‘chasida daraxtlar noqonuniy kesilishi bo‘yicha xabar tarqalgandi. 

Davlat ekologiya qo‘mitasiga ko‘ra, hudud “Dream House Stroy” MChJga tegishli ekani ma’lum bo‘lgan. Qurilish uchun ajratilgan hudud jami 0,20 gektar yer maydonidan iborat bo‘lib, shu yil 20 yanvarda ekologiya inspektorlari tomonidan daraxtlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, jami 58 dona har xil turdagi manzarali daraxtlar borligi yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Maxsus ishchi guruh tomonidan 8 sentabr tunda olib borilgan o‘rganish ishlari jarayonida “Dream House Stroy” MChJga tegishli yer maydonidagi jami 58 dona har xil turdagi manzarali va mevali daraxtlar ildiz qismlari bilan birgalikda yo‘q qilingani aniqlangan.

Ekoqo‘mitaga ko‘ra, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar jami 797 700 000 so‘mga baholangan.

Mavzuga oid