7 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Chilonzor tumani Chilonzor ko‘chasida daraxtlar noqonuniy kesilishi bo‘yicha xabar tarqaldi. Davlat ekologiya qo‘mitasi holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari boshchiligida ishchi guruhi tuzilib, joyiga chiqib atroflicha o‘rganish ishlari olib borildi. 

O‘rganish natijasiga ko‘ra, bu hudud “Dream House Stroy” MChJga tegishli ekani ma’lum bo‘lgan. Qurilish uchun ajratilgan hudud jami 0,20 gektar yer maydonidan iborat bo‘lib, shu yil 20 yanvarda ekologiya inspektorlari tomonidan daraxtlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, jami 58 dona har xil turdagi manzarali daraxtlar borligi yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Mazkur hujjat bilan “Dream House Stroy” MChJga daraxtlarni kesmaslik va daraxtlarni saqlab qolish yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda ogohlantirish berilgan. Korxona vakillari esa daraxtlarga nisbatan noqonuniy harakatlarni amalga oshirmaslik yuzasidan 20 yanvarda kafolat xati taqdim etgan.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

17 fevralda esa kompaniya yagona darcha orqali hududdagi daraxtlarni kesish yuzasidan ariza bergan. Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi arizani rad etgan.

Maxsus ishchi guruh tomonidan bugun, 8 sentabr tunda olib borilgan o‘rganish ishlari jarayonida “Dream House Stroy” MChJga tegishli yer maydonidagi jami 58 dona har xil turdagi manzarali va mevali daraxtlar ildiz qismlari bilan birgalikda yo‘q qilingani aniqlangan.

Daraxtzor o‘rab olinishidan oldingi holat. 2022 yil, yanvar / Foto: Kun.uz
Daraxtzor o‘rab olinganidan keyingi holat. 2022 yil, yanvar / Foto: Kun.uz

Ekoqo‘mitaga ko‘ra, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar jami 797 700 000 so‘mga baholangan.

“Davlat ekologiya inspektorlari qonuniy talablarini bajarmagani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197-6-moddasi, Jinoyat kodeksi 198-moddasiga asosan tegishli shaxslarni javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish uchun hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan”, – deyiladi xabarda.