O‘zbekiston | 15:10 / 11.09.2022
11372
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro aeroportida kichik yong‘in chiqdi

Toshkent xalqaro aeroportidagi uchib ketish terminalida tutun paydo bo‘lishi oqibatida terminalda vaqtincha elektr ta’minoti o‘chirilgan. Uch reys kechiktirilgan.

11 sentabr kuni Toshkent xalqaro aeroportidagi uchib ketish terminalida tutun paydo bo‘lgan. Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berishicha, yo‘lovchilar va xodimlar zudlik bilan evakuatsiya qilingan.

Hodisa joyiga Toshkent aeroportining tegishli xizmatlari — Aeroport Yong‘in-qutqaruv xizmati, Parvozlarni elektr-yoritish bilan ta’minlash xizmati va Aviatsiya xavfsizligi xizmati navbatchilik brigadalari zudlik bilan yetib kelgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga birinchi qavat tagidagi transformator podstansiyasida joylashgan uzluksiz elektr ta’minotining (UPS) qisqa tutashuvi sabab bo‘lgan. Qisqa tutashuv oqibatlarini bartaraf etish hamda voqea joyida ishlayotgan xizmatlar xodimlarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida aeroport terminalini ma’lum muddatga elektr energiyasidan uzib qo‘yishga qaror qilingan.

«Yerto‘ladan ertalab soat 10:30 atrofida tutun chiqa boshladi. Aeroport xodimlarining tezkorligi va shahardan kelgan o‘t o‘chirish brigadalari ko‘magida yong‘in tezda bartaraf etildi. Soat 10:40 da aeroportni vaqtincha elektr ta’minotidan uzishga to‘g‘ri keldi. Yaxshiyamki, hech kim jabrlanmadi. Bir qator reyslar kechiktirildi. Hozirda aeroportning tegishli xizmatlari hodisa joyida ishlamoqda va qisqa tutashuv sabablarini bartaraf etmoqda», deya izoh bergan Uzbekistan Airports Handling MChJ direktori Umid Hamroyev.

Qayd etilishicha, ayni damda Olmaotaga (KS-128), Nur-Sultonga (HY-721) va Moskvaga (SU-1975) uchayotgan reyslar kechiktirildi.

«Aeroport xizmatlari havo bandargohini imkon qadar tezroq ochish uchun bor kuchini sarflamoqda. Hozirgi vaqtga kelib, terminalning katta qismida elektr energiyasi tiklangan», deya qayd etilgan xabarda.

Toshkent aeroportining uchib kelish zali va mahalliy aviaqatnovlar terminali odatdagi rejimda faoliyat olib borayotgani qo‘shimcha qilingan.

Mavzuga oid