08:02 / 13.09.2022
6256

Chexiya sobiq bosh vaziri Babish sudga tortildi

Andrey Babish Yevropa ittifoqi subsidiyalari bilan firibgarlikda gumon qilinmoqda. Chexiya sobiq bosh vaziri bu ishni siyosiy deb hisoblaydi. Prokuror shartli jazo va jarima so‘ragan. 

Foto: AP

12 sentabr, dushanba kuni Praga shahar sudi Chexiya sobiq bosh vaziri va mamlakat parlamenti quyi palatasi deputati Andrey Babishga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshladi. Sobiq hukumat rahbari Yevropa ittifoqining ikki million yevrolik subsidiyalari bilan firibgarlikda gumon qilinmoqda. 

Babish Praga yaqinidagi «Laylak uyasi» mehmonxonasini qurish uchun dastlab kichik va o‘rta biznes uchun mo‘ljallangan Yevropa ittifoqi mablag‘laridan foydalanganlikda ayblangan. 2006 yilda kelajakdagi mehmonxona uchun yer Babishga tegishli bo‘lgan Agrofert xoldingi tomonidan sotib olindi. Ayblov tomoni u bu faktni yashirgan deb hisoblaydi. Mehmonxona egalari Babishlar oilasiga mansub. 

Tergov bir necha yillardan beri davom etmoqda. Joriy yil mart oyida Chexiya parlamentining quyi palatasi Praga prokuraturasi talabiga binoan Babishni deputatlik daxlsizligidan mahrum qilgan edi. Prokuror sobiq bosh vazirga 3 yil sinov muddati va 10 million kron (407 ming yevro) miqdorida jarima jazosi tayinlashni so‘radi. 

Babish barcha ayblovlarni rad etdi va sud jarayoni siyosiy ekanligini ta’kidladi. U jinoiy ishni kelasi yili Chexiya respublikasida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari bilan bog‘ladi, unda u nomzod sifatida ishtirok etishi kutilmoqda. 

«Men o‘zimni aybdor his qilmayman. Men aybsizman. Men siyosatda bo‘lganim uchungina bu yerda turibman. Agar siyosatda bo‘lmaganimda, hech kim «Laylak uyasi» haqida eshitmagan bo‘lardi», - dedi Babish sud majlisidagi kirish so‘zida.

Babish 2017 yildan 2021 yilgacha mamlakat bosh vaziri lavozimida ishlagan. Moliyaviy firibgarlik mojarosi tufayli iste’foga chiqqanidan so‘ng, u o‘zining markaziy siyosiy partiyasi NFH («Norozi fuqarolar harakati») bilan birgalikda hozirgi hukumatga qarshi chiqdi. Babish 4 milliard dollarlik boyligi bilan Forbes jurnali talqiniga ko‘ra Chexiyaning eng boy fuqarolari orasida beshinchi o‘rinni egallaydi. 

Mavzuga oid
Top